Rossiya Suriyaga aql bovar qilmaydigan mablag‘ taklif qilmoqda

Rossiya siyosiy vaziyatdagi o‘zgarishlarga qaramay, o‘zining Suriyadagi harbiy bazalarini saqlab qolishda qat’iy turibdi. The Wall Street Journal gazetasi yozishicha, Kreml AQShning yangi ma’muriyati Suriya masalasida o‘z pozisiyasini aniqlaguniga qadar, bu maqsad yo‘lida milliardlab mablag‘ sarflashga tayyor.
Moskva va Damashq ko‘plab masalalar, jumladan, fuqarolar urushi davomida yetkazilgan zararni qoplash va Bashar Asadni ekstradisiya qilish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Muzokaralar Rossiya vakillarining Suriyaga tashrifi ortidan faollashdi. Ular Xmeymimdagi aviabaza va Tartusdagi dengiz bazasining istiqboli, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni muhokama qilishdi.
Damashq bilan muzokaralar fevral oyi o‘rtalarida Putin va Ash-Shara’a o‘rtasida bo‘lib o‘tgan telefon suhbatidan so‘ng yanada jadallashdi. Bir necha kundan keyin Suriyaga Rossiyada chop etilgan 23 million dollar qiymatidagi Suriya banknotlari ortilgan samolyot jo‘nab ketdi.
Shu bilan birga, Suriyaga millionlab dollarlik byudjet yordami ko‘rsatishni muhokama qilgan Qatar va Saudiya Arabistoni hozircha aniq qadamlar qo‘yishdan o‘zini tiymoqda. Ular AQSh tomonidan ilgari terrorchilik guruhi deb e’lon qilingan mamlakatning yangi rahbarlariga nisbatan sanksiyalar bekor qilinishini kutmoqda.
Damashq Asad tomonidan Rossiyaga olib chiqib ketilgan mablag‘larni qaytarish hamda Tartus portini kengaytirish va gaz konlarini o‘zlashtirish kabi loyihalarni davom ettirishdan manfaatdor. Bu bazalar Rossiya uchun muhim strategik ahamiyatga ega bo‘lib, uning Sharqiy O‘rta yer dengizidagi mavjudligini va Afrikada harbiy operasiyalar o‘tkazish imkoniyatini ta’minlaydi.