Rossiya Shimoliy Koreyaga raketalar uchun pul to‘laydi
Janubiy Koreya milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Shin Von-sikning ma’lum qilishicha, Rossiya Shimoliy Koreyaga zenit-raketa va havo hujumidan mudofaa uskunalarini topshirgan. Bu Ukrainaga qarshi urushda Shimoliy Koreya harbiylari ishtirokidagi kelishuvning bir qismiga aylandi. Uning so‘zlarini Yonhap agentligi keltirmoqda.
Shin Von Sikning so‘zlariga ko‘ra, Pxenyan havo hujumidan mudofaa tizimini mustahkamlash uchun qurol olgan. Janubiy Koreya rasmiysi, shuningdek, Shimoliy Koreya sun’iy yo‘ldosh dasturi uchun Moskvadan texnologiya talab qilishi mumkinligini ham taklif qildi.
Ukraina va G‘arb davlatlaridan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Kursk viloyatida Shimoliy Koreyaning 10 mingdan ortiq askari bor. Moskva va Pxenyan KXDR harbiylarining ishtirokini rasman tasdiqlamagan bo‘lsada, Vladimir Putin Rossiya Shimoliy Koreya bilan kelishuvlarning jiddiyligiga «shubha qilmasligini» aytdi.
Janubiy Koreya mudofaa vaziri Kim Yong Xyonning ta’kidlashicha, Pxenyan katta ehtimol bilan Rossiyaga o‘z harbiylarini yuborish evaziga yadroviy va raketa salohiyatini rivojlantirish uchun texnologiya so‘raydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq The Wall Street Journal Shimoliy Koreya armiyasining yuqori martabali generali Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan nazorat qilinadigan ayrim hududlar Kursk viloyatida yaralangani haqida xabar bergan edi. Nashrning yozishicha, bu G‘arb manbalari tomonidan tasdiqlangan birinchi holat bo‘lib, Shimoliy Koreyaning shunday yuqori martabali harbiysi Rossiya hududidagi janglarda jarohat olgan.
Nashrning yozishicha, general Ukraina qo‘shinlarining Kursk viloyatidagi so‘nggi hujumlari natijasida yaralangan. Uning ahvoli haqida tafsilotlar hozircha oshkor etilmagan.
Bir kun avval The Wall Street Journal Kursk viloyatidagi Shimoliy Koreya qo‘shinlariga KXDR Bosh shtab boshlig‘i o‘rinbosari, general Kim Yon Bok qo‘mondonlik qilishini yozgan edi. Uning vazifasi Shimoliy Koreya qo‘shinlarini Rossiya armiyasiga qo‘shish va zamonaviy urush usullarini o‘rganishdir.