Rossiya maxsus xizmatlari qozog‘istonlik faolni o‘g‘irlamoqchi bo‘ldi. U ona tili huquqlari uchun kurashgan

"DosYE" markazi Rossiya razvedkasining qozog‘istonlik faol Quvat Axmetovni o‘g‘irlashga urinishlari haqidagi materialni e’lon qildi. Bu ma’lumot Rossiya razvedkasining maxfiy hujjatlari bilan tasdiqlangan.
Qozog‘istonning turli jamoat joylarida qozoq tilida xizmat ko‘rsatilishini talab qilgan faol Axmetov Rossiya targ‘ibotining nishoniga aylandi. Uni "rusofobiya"da, Qozog‘istonda esa "milliy adovat qo‘zg‘atish"da aybladi.
Hujjatlarga ko‘ra, Rossiya razvedkasi agenti Viktor Vasilev 2022 yil fevral oyida Axmetovni o‘g‘irlash maqsadida Ukrainada ikki hafta bo‘lgan, biroq operasiya muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Vasilevning ta’kidlashicha, Axmetov kuzatuvdan ogohlantirilgan bo‘lishi mumkin, chunki uning joylashuvi aniqlangandan so‘ng darhol Turkiyaga jo‘nab ketgan. Shuningdek, u Axmetov Qozog‘iston maxsus xizmatlari bilan aloqador bo‘lishi mumkinligini ham qo‘shimcha qilgan.
Axmetov Qozog‘istonda jamoat joylari va do‘konlarda qozoq tilida so‘zlashishni faol talab qilishi bilan mashhur bo‘ldi. U sotuvchilar va xodimlarga qozoq tilida xizmat ko‘rsatishni talab qilib, murojaat qilgan videolarini tarqatgan. Bu harakatlar Rossiya ommaviy axborot vositalarining e’tiborini tortib, ular Axmetovning xatti-harakatlarini "rusofobiya" va "fashizmga xos" deb atashdi.
Bunga javoban Rossiya hukumati Axmetovning Rossiyaga kirishini 50 yilga chekladi, Qozog‘istonda esa unga qarshi millatlararo adovatni qo‘zg‘atish aybi bilan jinoiy ish ochildi. 2021 yil avgustda Axmetov Olmaotada hibsga olinganidan so‘ng, u avval Gruziyaga, keyin esa Ukrainaga ketib, mamlakatni tark etishga qaror qildi. Keyinchalik faol Turkiyaga ko‘chib o‘tdi. Axmetovning advokati uning Qozog‘istondan chiqib ketayotgan paytda mamlakatdan chiqishiga taqiq qo‘yilmagani haqida tushuntirish berdi.
Olmaota prokuraturasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda tugatilgani haqidagi bayonotlarga qaramay, Axmetovga nisbatan jinoiy ish hamon davom etmoqda. Axmetov, o‘z navbatida, Qozog‘istonda uni kuzatib borishganini va u ketganidan keyin qarindoshlari ham bosim ostida bo‘lganini tasdiqlaydi. Ayni paytda u Turkiyada yashashda davom etmoqda va ta’qib tahdidi tufayli Qozog‘istonga qaytishni rejalashtirmayapti.