Rossiya KXDR yordamini “hech qachon unutmasligini” ma’lum qildi
Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kursk viloyatida minadan tozalash ishlarida qatnashayotgan shimoliy koreyalik sapyorlarga minnatdorlik bildirdi va KXDR ko‘rsatayotgan yordam “hech qachon unutilmasligini” ta’kidladi.
«Biz minnatdormiz, Koreya Xalq Demokratik Respublikasidan bo‘lgan do‘stlarimizning fidokorona va qahramonlik yordami uchun chuqur rahmat aytamiz. Bu yordamni hech qachon unutmaymiz», — dedi Peskov jurnalistlarga.
Minoborona gazetasi **«Krasnaya zvezda»**ning ma’lumotiga ko‘ra, shimoliy koreyalik sapyorlar Kursk viloyatida minadan tozalash ishlarida rossiyalik mutaxassislar bilan birga qatnashmoqda. Nashrda ta’kidlanishicha, KXDR harbiy mutaxassislari Rossiya injenerlik qo‘shinlari o‘quv markazlarida qo‘shimcha tayyorgarlikdan o‘tgan.
Gazetaga ko‘ra, Koreya Xalq Armiyasi maxsus bo‘linmalari dushman ustidan g‘alabada katta rol o‘ynaganidan so‘ng, endi KXDR sapyorlari Kursk yerlariga kirib kelgan.
Rossiya xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoygu iyun oyida Pxenyandagi tashrifi vaqtida KXDR sapyorlari va qurilishchilarini Rossiyaga yuborish bo‘yicha kelishuvga erishilganini aytgan edi. Unga ko‘ra, Kim Chen In Rossiyaga bir ming sapyor va besh ming harbiy qurilishchi yuborishga qaror qilgan.
26 aprel kuni Rossiya Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimov prezident Vladimir Putinga Kursk viloyatida Ukraina qo‘shinlariga qarshi operasiya yakunlanganini ma’lum qilgan. Uning aytishicha, Ukrainaning plasdarm yaratish rejalari barbod etilgan. Gerasimov o‘z bayonotida KXDR harbiylari Kursk viloyati ustidan nazoratni tiklashda muhim yordam ko‘rsatganini qayd etgan.
Rossiya va KXDR o‘rtasida hozirda kompleks strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma amal qiladi.
