"Real" "Barselona"dan Negreyra ishi bo‘yicha hujjatlarni talab qildi
"As" nashri xabar berishicha, "Real" "Barselona"dan hakamlar texnik qo‘mitasi (CTA) sobiq vise-prezidenti Xose Mariya Enrikes Negreyraga amalga oshirilgan to‘lovlar bilan bog‘liq hujjat va materiallarga kirish imkoniyatini so‘ragan.
Manbaga ko‘ra, sudda xususiy ayblovchi sifatida ishtirok etayotgan madridliklar quyidagi ma’lumotlarga qiziqish bildirgan:
— 2010–2018 yillar oralig‘ida "Barselona" tomonidan tayyorlangan ichki auditorlik hisobotlari. Ushbu hujjatlarda Dasnil 95, S.L., Nilsad, S.C.P., Soccercam, S.L., Best Norton, S.L., Tresep 2014, S.L. va Radamanto, S.L. kompaniyalariga amalga oshirilgan to‘lovlar ko‘rsatilib, tahlil qilingan va tasdiqlangan bo‘lishi, shuningdek, hisobot mualliflari va klub ichidagi qabul qiluvchilar haqida ma’lumot berilgan bo‘lishi lozim;
— 2010–2018 yillar davomida "Barselona" tomonidan tuzilgan va tasdiqlangan yillik moliyaviy hisobotlar hamda ular bo‘yicha tashqi mustaqil auditorlik xulosalari;
— Klubning soliq boshqaruvi qo‘mitasi yig‘ilishlari bayonnomalari, ularda Dasnil 95, S.L., Nilsad, S.C.P., Soccercam, S.L., Best Norton, S.L., Tresep 2014, S.L. va Radamanto, S.L. kompaniyalariga qilingan to‘lovlar soliq nuqtai nazaridan muhokama qilingan bo‘lishi kerak.
Shuningdek, Camps Legal Advisors, S.L.P. kompaniyasidan Dasnil 95, S.L. va/yoki Xose Mariya Enrikes Negreyra nomidan "Barselona"ga yuborilgan barcha sudgacha va sud murojaatlari hamda da’volarni ish materiallariga qo‘shish taklif qilingan.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilda "Barselona" va uning rahbariyatiga Negreyraga to‘lovlar amalga oshirilishi bilan bog‘liq holda pora olishda ayblov qo‘yilgan edi. Sud 2001–2018 yillar oralig‘ida «Barselona» tomonidan Xose Mariya Enrikes Negreyraga bir necha million yevro to‘langanini jinoyat deb baholagan.
