Rasul Kusherbayev Ichki ishlar vaziriga murojaat bilan chiqdi

Rasul Kusherbayev Ichki ishlar vaziriga murojaat bilan chiqdi

So‘nggi vaqtlarda ichki ishlar organlari tomonidan majburiy olib ketilgan fuqarolar haqida ma’lumot berilmayotgani uchun ularning yaqinlari va oila a’zolari norozi bo‘layotganligiga doir murojaatlar ko‘payib bormoqda.

Xususan, so‘nggi kunlarda bloger SH.Komilovning yo‘qolib qolgani haqida xabarlar tarqaldi.

O‘tgan yili bu holat avtobloger B.G‘aniyev bilan ham sodir bo‘lgan, ya’ni u to qamalgunga qadar yaqinlari uning qayerdaligi, ahvoli haqida bila olishmagan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati mazkur masala yuzasidan Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga murojaat qildi.

«Ikki holatda ham blogerlar. Balki bu tasoddifdir. Biroq ommaga ma’lum bo‘lgan shu ikki holatdan ko‘rinib turibdiki, fuqarolarning yaqinlarga xabar berish, himoyachi bilan uchrashish kabi huquqlari vakolatli xodimlar tomonidan buzilmoqda.

Shu bois, fuqarolar va ichki ishlar organlarining barcha xodimlariga quyidagilarni eslatib o‘tmoqchimiz.

«Ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida»gi qonunning 23-moddasiga ko‘ra, maxsus qabulxona ma’muriyati va xodimlari ma’muriy qamoqqa olingan shaxs maxsus qabulxonaga joylashtirilgan paytdan boshlab unga u maxsus qabulxonaga joylashtirilganligi to‘g‘risida advokatga, qarindoshlariga yoxud boshqa shaxslarga telefon orqali qo‘ng‘iroq qilish yoki xabar qilish huquqini berishi shart.

Jinoyat prosessual kodeksining 226-moddasiga ko‘ra, ushlab turish muddati shaxs amalda ushlangan paytdan (erkin harakatlanishga bo‘lgan huquqlarning haqiqiy cheklangan payti) e’tiboran ko‘pi bilan qirq sakkiz soatni tashkil etadi. Surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror tomonidan zarur va yetarli asoslar taqdim etilganda ushlab turish sudning qarori bilan qo‘shimcha ravishda qirq sakkiz soatga uzaytirilishi mumkin.

Ushlab turilgan shaxs turgan joyi to‘g‘risida advokatga yoki yaqin qarindoshiga telefon orqali qo‘ng‘iroq qilish yoxud xabar berish huquqiga ega.

Vakolatli xodimlar fuqaroga ushbu huquqdan foydalanish imkoniyatlarini yaratib berishlari shart.

Yuqoridagilardan kelib chiqib Ichki ishlar vazirimizdan xodimlarining ushbu qonun talablariga so‘zsiz rioya etishlarini alohida nazoratga olib, fuqarolarning huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘ymasliklarini so‘rab qolamiz», deyiladi deputat murojaatida.

Fuqarolar, siz esa qonuniy huquqlaringizni talab qilishdan qaytmang, — deya ta’kidlagan Kusherbayev o‘zining Telegram kanalida.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!