"Rangsiz tushlar" filmi ikkita xalqaro kinofestivalda ishtirok etadi

"Rangsiz tushlar" filmi ikkita xalqaro kinofestivalda ishtirok etadi

"O‘zbekkino" milliy agentligi buyurtmasiga binoan iste’dodli rejissyor Ayub Shahobiddinov tomonidan suratga olingan "Rangsiz tushlar" dramasi “XVI Qozon musulmon kinofilmlari xalqaro festivali” va Yerevanning "Fresco" ma’naviy-axloqiy filmlar xalqaro kinofestivalining asosiy tanlov dasturlariga kiritildi.  

"2013 yilda "Parizod" filmim ham Qozon musulmon kinofilmlari xalqaro festivalining asosiy tanlovida ishtirok etgan edi. Ushbu kinofestival menda yaxshi taassurotlarni qoldirgan, chunki tanlovda qatnashayotgan filmlarning saviyasi yuksak darajada edi. Endi esa yangi "Rangsiz tushlar" filmi bilan qatnashib, Eron, Turkiya, Rossiya, Xitoy, Kanada va boshqa mamlakatlarning eng yaxshi filmlari bilan raqobatlashish imkoni berilganidan xursandman”.  

"Fresco" kinofestivali esa men uchun yangi tajriba. Pandemiya tufayli ko‘plab kinofestivallar bekor qilindi, ammo Yerevan kinofestivali to‘liq tashkil etilayotgan bo‘lib, tomoshabinlar yozgi kinoteatrlar ekranlarida filmlarni tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar”, – dedi rejissyor Ayub Shahobiddinov.  

Qozon musulmon kinofilmlari xalqaro festivali Tatariston poytaxtida 2005 yildan buyon o‘tkazib kelinmoqda. Festivalning ta’sischilari – Tatariston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Qozon shahri ma’muriyati, Rossiya Muftiylar kengashidir. Festival Tatariston Respublikasi Prezidenti homiyligida o‘tkaziladi. Tanlov komissiyasi va hay’ati tarkibiga dunyoning atoqli san’at namoyondalari – kinorejissyorlar, operatorlar va kinoshunoslari kiradi.  

"Fresco" – bu Yerevanda har yili o‘tkaziladigan kinofestivaldir. Uning asosiy maqsadi madaniy muloqot orqali insonparvarlik qadriyatlari, muhabbat va bag‘rikenglik fazilatlarini yanada mustahkamlashdan iborat. Ma’naviy yoki insoniy asosga ega bo‘lgan filmlar namoyishi bilan bir qatorda, festival tashkilotchilari filmlarda ko‘tarilgan masalalar va muammolar bo‘yicha ommaviy munozaralar uyushtiradi.  

"Rangsiz tushlar" filmida inson o‘z "Men"ini har qanday sharoitda: qamoqxona devorlarida, jamiyatda yoki oilada o‘zgartirishining bir necha muhim jihatlari ilgari surilgan. Ko‘p yillik qamoqdan so‘ng o‘z qadrdon go‘shasiga qaytgan film bosh qahramoni Kashmira asta-sekin oilasida, jamiyatda o‘z o‘rnini topish huquqiga ega ekanligini isbotlashi kerak edi. Bunda u faqat qat’iyat va iroda tufayli kuchli shaxsga aylanishi mumkinligi anglab yetadi. Filmda jamiyatda jazo muddatini o‘tab kelgan shaxslarga nisbatan noo‘rin munosabatning shakllanishi, "odamlar nima deydi" kabi qarashlar ortidan paydo bo‘ladigan ijtimoiy muammolar ko‘tarilgan.  

Filmda bosh qahramon rolini Feruza Saidova ijro etgan. Shuningdek, kinoasarda Karim Mirhodiyev, Shohida Ismoilova, Bekzod Abdumuhitov va Anvar Nazarovlar suratga tushgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!