"Qo‘shnimni shifoxonaga olib ketayotganimda YPX xodimlari noqonuniy xizmat ko‘rsatayotganlikda ayblashdi"
— Qo‘shnimni shifoxonaga olib ketayotganimda DAN xodimlari noqonuniy xizmat ko‘rsatayotganlikda ayblab, ishni sudga oshirishda. Bu vaziyatda qanday yo‘l tutishim lozim?
Ismi sir tutildi
Muhtarama TURGUNOVA, Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi:
— Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks (MJtK)ning 176-3-moddasida “avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyati bilan lisenziyasiz shug‘ullanish uchun ma’muriy javobgarlik nazarda tutilgan, ya’ni fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravari miqdorida, mansabdor shaxslarga esa — o‘ttiz baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi ko‘rsatilgan.
Avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyati bilan shug‘ullanish uchun lisenziya talab etiladi.
Agar ushbu lisenziya olinmagan bo‘lsa, siz tomoningizdan boshqaruvingizdagi avtomobil transportida yo‘lovchilarni tashiyotganingiz aniqlangan bo‘lsa, bunda sizga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtiriladi va ushbu bayonnoma to‘plangan hujjatlar bilan tegishli sudga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi.
MJtKning 271-moddasi 11-bandiga muvofiq, agar ushbu Kodeks 176-1-176-4-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni birinchi marta sodir etgan tadbirkorlik sub’ektining mansabdor shaxslari yoki xodimlari yoxud tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fuqarolar yo‘l qo‘yilgan buzilishlarni huquqbuzarlik aniqlangan paytdan e’tiboran o‘ttiz kunlik muddatda ixtiyoriy ravishda bartaraf etgan va (yoki) yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplagan bo‘lsa, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishni boshlash mumkin emas, boshlangan ish esa tugatilishi lozim.
Yuqorida ko‘rsatilgan qonun talabidan kelib chiqib, agar siz lisenziya olib, qonunbuzilish holati bir oy muddat ichida bartaraf etilsa, sizga nisbatan yuritilgan ma’muriy ish MJtKning 271-moddasi 11-bandiga asosan harakatdan tugatiladi.
Yana bir masalani ko‘rib chiqish lozim bo‘ladi. Agar siz qo‘shningizga uning iltimosiga asosan uni shifoxona biror bir muayyan haq evaziga emas, balki insoniylik jihatidan yordam berish maqsadida olib borayotgan bo‘lsangiz, biroq sizni DAN xodimi to‘xtatib, go‘yoki siz qo‘shningizni haq evaziga olib borayotganingiz bo‘yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirib, sudga yuborgan bo‘lsa, bunda bir qator holatlarga aniqlik kiritish lozim bo‘ladi.
Xususan, siz va qo‘shningizdan tushuntirishlar olish, tegishli hujjatlar to‘plash, haqiqatdan shifoxonaga olib borish uchun haq haqida kelishuv bo‘lganini aniqlash va boshqa holatlar tekshiriladi.
Siz va qo‘shningiz o‘rtasida haq evaziga kelishuv bo‘lmagan taqdirda va ushbu holat o‘z tasdig‘ini topadigan bo‘lsa, bunda sud sizning harakatingizda ma’muriy huquqbuzarlik alomatlari mavjud emas deb topib, ma’muriy ishni MJtKning 271-moddasi 1-qismiga asosan harakatdan tugatadi.
Sizga nisbatan noqonuniy ma’muriy bayonnoma tuzilishi holati bo‘yicha DAN xodimining xatti-harakati ustidan yuqori turuvchi instansiyaga shikoyat keltirishga, shuningdek moddiy zarar va ma’naviy ziyon yetkazilganlik masalasida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilish huquqingiz mavjudligi tushuntiriladi.
Yana takidlash lozimki, DAN xodimi bunday ma’muriy bayonnomani rasmiylashtirishga vakolatli shaxs emas, yo‘lovchilarni avtomobil transportida tashishni tekshirish Transport vazirligining hududiy bo‘limlari vakillari tomonidan amalga oshiriladi.
