Qo‘lni sovunlab yuvish koronavirusga chalinish ehtimolini 36 foizga kamaytiradi
Qo‘lni muntazam ravishda sovunlab yuvish koronavirusga chalinish ehtimolini 36 foizga kamaytiradi. Bu haqda har yili 15 oktyabrda nishonlanadigan Xalqaro qo‘l yuvish kuni munosabati bilan «Rospotrebnadzor» matbuot xizmatida ma’lum qilindi.
«Qo‘llarni sovunlab yuvish virusning tashqi membranasini buzadi va shu bilan uni zararsizlantiradi. Tadqiqotning ko‘rsatishicha, qo‘llarni muntazam ravishda sovunlab yuvish COVID-19 bilan kasallanish ehtimolini 36 foizga kamaytirishi mumkin», — deyiladi «Rospotrebnadzor» xabarida.
Shuningdek, qo‘llarni sovunlab yuvish boshqa yuqumli kasalliklardan, masalan, vabo, Ebola, atipik pnevmoniya va gepatit E dan himoya qilishga yordam berishi ta’kidlangan.
Bundan tashqari, qo‘lni yuvish o‘tkir ichak kasalliklari xavfini 30-48 foizga va o‘tkir respiratorli infeksiyalar sonini 20 foizga kamaytirishi mumkinligi aytilgan.
«Rospotrebnadzor»da ta’kidlanishicha, shaxsiy himoya vositalarini ishlatishdan oldin va keyin, ko‘chadan kelganda, ovqat tayyorlash va yeyishdan oldin, shuningdek, hojatxonaga va jamoat joylariga tashrif buyurgandan so‘ng, aksirgandan, bemorni parvarish qilgandan, taglikni almashtirgandan, xonani tozalagandan, hayvonlar bilan muloqot so‘ng, uxlashdan oldin va qo‘llar ifloslangan boshqa hollarda uni yuvish kerak.
Bundan avval «Rospotrebnadzor» koronavirusga chalinishning oldini olish uchun qo‘llarni istalgan sovunda yuvish mumkinligini, chunki bu holda oddiy sovun bilan bakteriyalarga qarshi sovun samarasi bir xil ekanligini bildirgan.
