Qozog‘istonda sodir bo‘lgan hodisada jabrlanganlar O‘zbekistonga olib kelindi

Qozog‘istonda sodir bo‘lgan hodisada jabrlanganlar O‘zbekistonga olib kelindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tezkor topshiriqlariga asosan Hukumat qarori bilan Favqulodda vaziyatlar vazirining o‘rinbosari A.Latifjonov boshchiligida tashkil etilgan ishchi guruh kecha, 13 may kuni soat 18:05 da Jualin tumanining markaziy shifoxonasiga yetib borib, Qozog‘iston Respublikasining mas’ul idoralari rahbarlari bilan uchrashdi va hamkorlik asosida tashkiliy va amaliy harakatlar olib borildi. Soat 23:40 da Jualin tuman markaziy shifoxonasidan yo‘lga chiqib, 14 may kuni soat 04:55 da O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasi “G‘ishtko‘prik” bojxona maskaniga yetib keldi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, Do‘st Qozog‘iston mas’ullari yuzaga kelgan mazkur baxtsiz hodisa oqibatlarini zudlik bilan bartaraf etish, jarohatlanganlarga tez tibbiy yordam ko‘rsatishda yaqindan ko‘mak berishdi.

Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar, Tashqi ishlar, Sog‘liqni saqlash va Transport vazirliklari hamkorligida 2 nafar vafot etgan fuqarolarning jasadlari yashash manzili – Buxoro va Xorazm viloyatlariga yuborildi. Hozirda mahalliy hokimliklar tomonidan marosim tadbirlarini o‘tkazish yuzasidan tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Bugun, 14 may kuni baxtsiz hodisa oqibatida yana bir fuqaro vafot etdi. Ayni paytda marhumni olib kelish yuzasidan zarur choralar ko‘rilmoqda.

Olib kelingan 23 nafar fuqarodan, 18 nafar jarohatlanganlar Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markaziga joylashtirildi, 5 nafar fuqaroning ahvoli yaxshi bo‘lgani uchun uyiga javob berildi.

Hozirgi vaqtda markazga joylashtirilgan fuqarolarning ahvoli shifokorlarning qat’iy nazoratiga olinib, tegishli muolajalar o‘tkazilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!