Qozog‘iston milliy jamoasi murabbiyi Cherchesov jarimaga tortildi
Qozog‘iston Futbol federasiyasi milliy terma jamoa bosh murabbiyi Stanislav Cherchesovni qozoq tiliga nisbatan noo‘rin so‘zlari uchun 738 ming tenge (taxminan 1500 dollar) miqdorida jarimaga tortdi.
13 oktyabr kuni Qozog‘iston milliy jamoasi Sloveniyaga 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lgan Millatlar Ligasi o‘yinidan keyingi matbuot anjumanida Cherchesovga qozoq tilida savol berildi. U savol bergan jurnalistning Fransiyaning PSJ klubi libosida ekanini ko‘rib, unga javoban: «Hozir fransuzcha gapiryapsizmi?», dedi.
Cherchesovning istehzoli gaplari ijtimoiy tarmoqlarning qozoq segmentida ko‘plab e’tiroz va muhokamalarga sabab bo‘ldi. Shundan so‘ng Qozog‘iston Turizm va sport vazirligi holat yuzasidan Qozog‘iston futbol federasiyasidan tushuntirish talab qildi.
Futbol federasiyasi Cherchesov etika reglamentiga ko‘ra jarimaga tortilganini ma’lum qildi.
«Cherchesovning hazillari, albatta, chegaradan oshib ketdi. U bilan shaxsan suhbatlashib, davlat tilining dolzarbligi va ustuvorligini tushuntirdim. U bilan suhbatlashdik, tushuntirish olib bordik», dedi federasiya rahbari Adilet Barmenqulov.
61 yoshli Stanislav Cherchesov 2016 yildan 2021 yilgacha Rossiya milliy jamoasini boshqargan.
2024 yil iyun oyida Cherchesov Qozog‘iston milliy jamoasiga bosh murabbiy bo‘ldi.