Qora dengizda Rossiya samolyoti va AQSh droni to‘qnashib ketdi

Qora dengizda Rossiya samolyoti va AQSh droni to‘qnashib ketdi

Bu haqda AFP AQSh harbiylariga tayanib xabar bermoqda.

AQSh Qurolli kuchlarining Yevropa qo‘mondonligi Qora dengiz uzra Rossiyaning Su-27 samolyoti va Qo‘shma Shtatlarning MQ-9 Reaper droni to‘qnashib ketgani, natijada dron xalqaro suvlarga qulaganini ma’lum qildi.

Oq uy Jo Bayden Qora dengizdagi Rossiya samolyoti va AQSh droni o‘rtasidagi havo hodisasi haqida xabardor qilinganini aytdi.

Oradan ma’lum vaqt o‘tib, Qora dengizdagi voqea yuzasidan AQSh Qurolli kuchlarining Yevropa qo‘mondonligi bayonoti e’lon qilindi.

"Rossiyaning ikkita Su-27 samolyoti bugun Qora dengiz ustida xalqaro havo hududida bo‘lgan razvedka missiyasini amalga oshirayotgan AQSh harbiy-havo kuchlarining MQ-9 dronini xavfli va noprofessional tarzda tutib oldi.

Taxminan 7:03 da (Markaziy Yevropa vaqti bilan) Rossiyaning Su-27 samolyotlaridan biri MQ-9 droni vintiga urildi. Natijada AQSh Qurolli kuchlari MQ-9 dronini xalqaro suv hududiga qulatishga majbur bo‘ldi. To‘qnashuvdan oldin bir necha marta Su-27 samolyotlari yonilg‘i tashlab, MQ-9 oldidan ehtiyotsizlik bilan, atrof-muhitga zarar yetkazgan holda va noprofessional tarzda parvoz qildi. Bu voqea xavfli va noprofessional bo‘lishidan tashqari, malakaning yetishmasligini ham ko‘rsatadi.

Bizning MQ-9 dronimiz xalqaro havo hududida normal ishlayotgan edi, u Rossiya samolyoti tomonidan tutib olingan va urib tushirilgan, natijada MQ-9 halokatga uchragan", — deydi AQSh harbiy-havo kuchlarining Yevropa va Afrikadagi qo‘mondoni general Jeyms B. Xeker.

"Aslida, ruslarning bu xavfli va noprofessional harakati ikkala samolyotning ham halokatiga sabab bo‘lishi mumkin edi", — deya qo‘shimcha qildi Xeker.

Hozircha Rossiya Federasiyasi Mudofaa vazirligi bu ma’lumotga izoh bermadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!