“Qizlarjon” sammiti ishtirokchilari bir kun xotin-qizlar qo‘mitasi raisi bo‘ladi

“Qizlarjon” sammiti ishtirokchilari bir kun xotin-qizlar qo‘mitasi raisi bo‘ladi

Samarqand shahridagi Yoshlar markazida bugun Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamda Samarqand viloyati hokimligi bilan hamkorlikda Ilm-fan kelajak poydevori shiori ostida uyushtirilayotgan Qizlarjon o‘quvchi qizlar sammiti o‘z ishini boshladi. Bu haqda Xalq so‘zi ONLINE ga Xotin-qizlar qo‘mitasi matbuot xizmati rahbari Laylo Rustamova xabar berdi.

O‘quvchi qizlarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni kasb-hunarga o‘rgatish, shuningdek, milliy urf-odat va an’analar ruhida tarbiyalash, oilaviy hayotga tayyorlash, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish hamda qo‘llab-quvvatlash, umumta’lim maktablaridagi Qizlarjon klublari faoliyatini takomillashtirish kabi maqsadlarni ko‘zlagan mazkur sammitda mamlakatimiz barcha hududidan 14 18 yoshdagi 140 nafar o‘quvchi-qiz ishtirok etmoqda.

Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi G. Alimova sammit ishtirokchilarini qutlab, ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbir jamiyat hayotida xotin-qizlarning o‘rni va rolini oshirish borasidagi ishlarning yana bir yo‘nalishi ekanligini ta’kidladi.

Sammitda Qizlarjon klubi koordinatorlari, xalqaro hamda respublika fan olimpiadalari g‘olibalari, hunarmandlik, AKT sohasi bilan shug‘ullanayotgan o‘quvchi-qizlar, innovasion g‘oyalar mualliflari, mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, Yoshlar ittifoqi sardorlari va profilaktik hisobdagi tarbiyasi yaxshilanayotgan qizlar qatnashyapti. Ular to‘rt kun davomida guruhlarga bo‘lingan holda psixologik treninglar, mahorat darslari, hunarmand o‘quvchi-qizlar mahsulotlari savdo-yarmarkasida qatnashadi. Dublyor loyihasi doirasida qizlar tuman, shahar xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimida bir kunlik amaliyot o‘taydi.

Mashg‘ulotlarni olib borish uchun respublikamizdagi taniqli olimalar, fan, madaniyat va san’at arboblari, hatto, Amerika Qo‘shma Shtatlaridan Anoka Ramsey instituti professori Volf Laure xonim tashrif buyurgan.

Manba: xs. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!