Qizilqum qo‘riqxonasida Xongul bug‘usi qayd etildi
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tasarrufidagi Qizilqum davlat qo‘riqxonasida o‘rnatilgan fotoqopqonga Xongul (Buxoro bug‘usi) muhrlandi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, Xongul yo‘qolib borish xavfi ostidagi, mahalliy tarqalgan kenja tur hisoblanadi. U O‘zbekiston Qizil kitobiga, CITESning II Ilovasiga hamda Bonn Konvensiyasiga kiritilgan. Shu asosda turni asrab qolish uchun davlatlararo dastur va amaliy reja ishlab chiqilgan.
Tarixan Xongullar Sirdaryo va Amudaryo havzasi to‘qayzorlarida keng tarqalgan. Hozirda esa ular asosan Amudaryoning yuqori qismi (Surxondaryo viloyati) va o‘rta oqimida (Qizilqum qo‘riqxonasi), shuningdek, Zarafshon milliy tabiat bog‘i, Quyi Amudaryo biosfera rezervati hamda O‘zbekiston–Tojikiston chegarasi hududlarida saqlanib qolgan.
Bu hayvonlar asosan qayir to‘qayzorlarida, ba’zan qumli cho‘l hududlarida yashaydi. Yozda asosan tunlari, qishda esa kunduzlari faol bo‘ladi. Juftlash mavsumi sentyabr–oktyabrga to‘g‘ri keladi, may–iyun oylarida bolalaydi. Odatda daraxt, buta va o‘tsimon o‘simliklar bilan oziqlanadi.
Ma’lumot uchun, Qizilqum davlat qo‘riqxonasi 1971 yil 23 iyunda Buxoro viloyatida tashkil etilgan. Hozirda hududda 350 dan ortiq hayvon turi uchraydi, ularning 50 tasi O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.
