Qirg‘iziston Moskvaning bayonotlaridan norozi
Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning diplomatik maqomi daxlsizligini va RFning Diplomatik munosabatlar to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga sodiqligini tasdiqlagan sharhidan mamnunligini bildirdi.
Biroq Qirg‘iziston TIV Rossiya Ichki ishlar vazirligi vakili Irina Volkning bayonotlarini tanqid qildi.
"Rossiya Federasiyasi Ichki ishlar vazirligining rasmiy vakili Irina Volkning xizmat tekshiruvi yakunlanmasdan va bo‘lib o‘tgan hodisaning barcha tafsilotlari aniqlanmasdan turib milisiya xodimlarining Qirg‘iziston elchixonasi diplomatining kvartirasiga kirmagani, unda yashovchilarga jismoniy va ruhiy ta’sir o‘tkazmagani to‘g‘risidagi axboroti mazmuni muayyan savollarni tug‘diradi. Shunday qilib, mazkur xabarga suyanilsa, o‘z xonadonining ichida bo‘lgan jabrlangan bolali ayolning o‘zi aybdor bo‘lib chiqadi. Bu sog‘lom mantiqqa zid keladi. Xizmat tekshiruvi milisiya xodimlarining o‘zlaridagi ko‘krak kamerasi yozuvlari hamda Qirg‘iziston elchixonasi tomonidan RF TIVga taqdim etilgan fotomateriallarni hisobga olgan holda tezkor, xolis va kompleks tarzda o‘tkazilishini kutib qolamiz”, - deyiladi Qirg‘iziston TIV xabarida.
Avvalroq Irina Volk profilaktika bosqichi doirasida milisiya xodimlari turar-joy sektoriga tashrif buyurganini ma’lum qilgan edi. IIV vakilining so‘zlariga ko‘ra, tekshiruv vaqtida Nijegorodskaya ko‘chasidagi xonadonlardan birida yashovchi fuqaro chet el konsulligi xodimining rafiqasi ekanligini aytib, polisiyaga hech qanday hujjat taqdim etishdan bosh tortgan.
Volk, shuningdek, milisiya "kvartiraga kirmagani va unda yashovchilarga jismoniy yoki ruhiy bosim o‘tkazmaganini" ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, IIV xodimlari diplomat oilasining ushbu manzilda yashashi haqida hech qanday ma’lumotga ega bo‘lmagan.
Volkning qo‘shimcha qilishicha, milisiyaning xatti-harakatlari yuzasidan kelib tushgan shikoyat yuzasidan hozirda ichki tekshiruv o‘tkazilmoqda.