Qarzdorlik tufayli 27 mingga yaqin iste’molchi suvsiz qolgan. Qarzdorlarning aksariyati Toshkent shahrida
Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda O‘zsuvta’minot" AJ axborot xizmati rahbari Akmal Murodov ma’lum qildi.
Bugungi kunda aholi orasida to‘lov intizomini shakllantirish, markazlashgan toza ichimlik suv ta’minoti tarmoqlari va oqova suv xizmatlaridan noqonuniy foydalanish holatlarini oldini olish hamda xizmat ko‘rsatish tizimini yanada yaxshilash maqsadida mutasaddi tashkilotlar tomonidan salmoqli ishlar bajarilmoqda.
Buning natijasida joylarda iste’molchilar tomonidan qonun buzilishi holatlari bartaraf etilib, yetkazilgan zarar tegishli tartibda undirilmoqda.
Xususan, joriy yilda “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati va uning hududiy suv ta’minoti korxonalari hamda nazorat organlari bilan hamkorlikda suv ta’minoti va oqova suv tizimlariga 8 500 ta noqonuniy ulanish holatlari aniqlandi. Bunda eng yuqori ko‘rsatkichlar quyidagicha:
1. Farg‘ona viloyatida – 1 500 ta;
2. Toshkent shahrida –1 400 ta;
3. Sirdaryo viloyatida –1 400 ta.
Mazkur qonunbuzarliklar tufayli jamiyat manfaatlariga jami 75,7 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan.
Bundan tashqari, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida aksiyadorlik jamiyati va uning hududiy suv ta’minoti korxonalari tomonidan respublika bo‘yicha 26,9 ming nafar jismoniy va yuridik iste’molchi qarzdorligi uchun suv ta’minoti tarmog‘idan uzilgan. Ushbu holatlarning 13,3 mingtasi, ya’ni eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahrida qayd etilgan.
Ta’kidlash joiz, hisobot davri davomida suv ta’minoti tarmoqlariga noqonuniy ulanish hamda suv ta’minoti va kanalizasiya xizmatlari bo‘yicha 139,3 ming nafar iste’molchidan jami 421 milliard so‘mlik mablag‘ni undirish maqsadida fuqarolik va iqtisodiy sudlarga tegishli hujjatlar taqdim etilgan.
Kiritilgan ishlar bo‘yicha sudlar tomonidan 68,5 mingta 224 milliard so‘mlik sud qarorlari qabul qilinib, bugungi kunda Majburiy ijro byurosi bilan hamkorlikda ijro varaqalari ijrosini ta’minlash bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, suv ta’minoti va oqova suv tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanishga amaldagi qonunchilikda jinoiy javobgarlik ko‘zda tutilgan bo‘lib, qonunbuzarlarga belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘riladi.
Suv ta’minoti va kanalizasiya tarmoqlariga noqonuniy ulanish holatlari bo‘yicha biron-bir ma’lumotga ega bo‘lsangiz, bu haqda aksiyadorlik jamiyatimizning 55 503-10-55 maxsus ishonch telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilishingiz yoki ijtimoiy tarmoqlardagi, xususan, Telegram messenjeridagi maxsus guruhumizga yozib, xabar berishingiz mumkin.
Hurmatli iste’molchilar, kunlik ehtiyojimizning asosiy qismini tashkil etadigan obi hayotdan oqilona foydalanish har birimizning eng dolzarb vazifamizdir!