Prezident Shavkat Mirziyoyevning ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Butunjahon sammitidagi nutqi
Hurmatli Rais Xonim Oliylari!
Hurmatli Bosh kotib Janobi Oliylari!
Hurmatli davlat va hukumat rahbarlari!
Qadrli birodarlar, Qatar Amiri Shayx Tamim Ol-Soniy A’lo Hazratlariga Butunjahon sammitini yuksak darajada tashkil etganlari va samimiy mehmondo‘stlik uchun chuqur minnatdorlik izhor etaman.
BMT Bosh kotibi Antoniu Gutterrish Janobi Oliylariga ham ushbu anjumani o‘tkazishdagi ulkan hissasi uchun alohida tashakkur bildirman.
Global ijtimoiy taraqqiyot uchun muhim platforma bo‘lgan sammitning aynan Doxa shahrida o‘tkazilayotgani katta ramziy ma’noga ega. Qatar Davlati so‘nggi yillarda ijtimoiy inklyuzivlik va jadal taraqqiyotning global markaziga aylanmoqda. Bunday ulkan yutuqlar bilan Qatar xalqini chin dildan tabriklayman.
Bugungi kunda ijtimoiy farovonlikni ta’minlash, aholi turmushini yaxshilash bo‘yicha dunyo hamjamiyati va milliy hukumatlar birgalikda harakat qilmoqda. O‘zbekiston barqaror taraqqiyot sari barcha xalqaro hamkorlik formatlari va tashabbuslarini doim qo‘llab-quvvatlaydi.
Hurmatli xonimlar va janoblar!
Biz keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda “Inson qadri uchun” tamoyili asosiy bo‘lgan, ijtimoiy adolat ta’minlangan va ehtiyojmand aholi samarali himoya qilingan jamiyat barpo etmoqdamiz. Bu yo‘ldagi qat’iy pozisiyamizning asoslari yangi Konstitusiyamiznida mustahkamlangan va mamlakatimizning ijtimoiy davlat sifatidagi maqomi e’lon qilingan.
Avval tarqoq bo‘lgan ijtimoiy himoya dasturlari Ijtimoiy himoya Milliy agentligi asosida birlashtirildi. Yangilangan ijtimoiy himoya modeli jamiyatning quyi bo‘g‘ini — mahallalardan boshlab, har bir xonadon va oilani qamrab olmoqda.
Oxirgi yillarda kambag‘allik darajasi 35 foizdan 6,6 foizgacha qisqardi. Biz bu yo‘ldagi islohotlarni davom ettiramiz.
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
Jahonda murakkab iqtisodiy-ijtimoiy jarayonlar kechayotgan hozirgi sharoitda quyidagi takliflarni ilgari surmoqchiman:
Birinchidan, kambag‘allikka qarshi kurashda xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish muhim.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 1 milliard 100 million aholi kambag‘allikda yashamoqda. Rivojlanayotgan davlatlarning ijtimoiy dasturlariga resurslarni keng jalb etish maqsadida Global ijtimoiy adolat fondini tashkil etishni taklif etamiz.
Ikkinchidan, bandlik masalasini samarali hal etishda yangi, zamonaviy mexanizmlarni ishga tushirish dolzarb.
Yuqori texnologiyalar va sun’iy intellekt taraqqiyoti millionlab ish o‘rinlarining yo‘qolishiga olib kelmoqda. Shu munosabat bilan global tashabbus orqali ijtimoiy mas’uliyat va munosib mehnatni rag‘batlantirish zarur.
Uchinchidan, barcha uchun ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish orqali ijtimoiy muammolarga samarali yechim topish mumkin.
Hozirgi davrda savodsizlikning yillik iqtisodiy zarari 1,4 trln AQSh dollariga teng. Bu yosh avlodning ijtimoiy hayot va mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishini qiyinlashtirmoqda. Shu bois, Global alyans qarorlarini qo‘llab-quvvatlaymiz va kelgusi sammitlardan birini O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif etamiz.
To‘rtinchidan, mehnat migrantlari va ularning oila a’zolarini tizimli himoya qilish zarur.
Dunyo bo‘ylab 300 milliondan ortiq migrantlar ishlamoqda. Ularning huquqlari buzilishining oldini olish va xalqaro forumlar tashkil etish muhim.
Beshinchidan, barchamiz ijtimoiy hayotga iqlim o‘zgarishining ta’sirini sezib turibmiz.
Ekstremal ob-havo, cho‘llanish va bioxilma-xillikning yo‘qolishi zaif qatlamlar hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Orolbo‘yi mintaqasida ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning yangi modelini ishga tushirish va tajribani jahon hamjamiyati bilan bo‘lishishga tayyormiz.
Hurmatli delegasiyalar rahbarlari!
Bugun qabul qilinayotgan qarorlar jahondagi millionlab odamlarga ishonch va umid bag‘ishlaydi, barqarorlik va farovonlikni ta’minlashga hissa qo‘shadi. Xalqaro taraqqiyot yo‘lida ijtimoiy kelishuvni yangilash va har bir inson uchun munosib hayot yaratish — asosiy burchimizdir.
Shu ma’noda, Doxa siyosiy deklarasiyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz va undagi tamoyillarni hayotga tatbiq etishga tayyormiz.
So‘zimni yakunlab, barchangizga omad va yutuqlar, sammit ishiga esa muvaffaqiyat tilayman.
E’tiboringiz uchun rahmat.
