Polsha Ottava kelishuvidan chiqish jarayonini boshladi

Polsha xavfsizlikka tahdidlar, jumladan Rossiya tomonidan kelayotgan xatarlar tufayli piyodaga qarshi minalardan foydalanishni taqiqlovchi Ottava kelishuvidan chiqish jarayonini boshladi. Bu haqda Polsha davlat teleradiokompaniyasi TVP World xabar berdi.
Parlamentning quyi palatasi — Seymda o‘tkazilgan ovoz berishda 413 deputat chiqishni qo‘llab-quvvatladi, 15 nafar deputat qarshi bo‘ldi, 3 nafar deputat betaraf qoldi. Jami 431 deputat ovoz berdi.
Polsha mudofaa vaziri Vladislav Kosinyak-Kamishning ta’kidlashicha, ushbu qaror milliy xavfsizlik uchun juda muhimdir:
«Polsha o‘z Vatanini himoya qilishga to‘sqinlik qiluvchi bog‘lovchi qamarda qolmasligi kerak», — dedi vazir.
Polsha piyodaga qarshi minalarni Rossiyaning Kaliningrad viloyati va Belarus bilan chegaralarda mudofaa vositasi sifatida muhim deb hisoblamoqda.
Shuningdek, Litva, Latviya, Estoniya va Finlyandiya ham shunga o‘xshash xavfsizlik sabablari bilan kelishuvdan chiqish jarayonini boshlagan.
Chiqish jarayoni Senat (yuqori palata) va Prezident tomonidan ma’qullanishi kerak. BMT va boshqa ishtirokchi davlatlarga rasmiy xabar berilgandan 6 oy o‘tgach, Polsha minalarni saqlash va o‘rnatish huquqiga ega bo‘ladi.