Pentagon Ukraina yaqin orada Qrimni qaytarib olishiga shubha qilmoqda

Pentagon Ukraina yaqin orada Qrimni qaytarib olishiga shubha qilmoqda

Pentagondagilar Ukrainada anneksiya qilingan Qrim ustidan nazoratni qaytarib olish imkoniyati yo‘q va yaqin orada bo‘lmaydi, deb hisoblaydi. AQSh mudofaa vazirligining yuqori martabali to‘rt mulozimi Vakillar palatasining qurolli kuchlar bo‘yicha qo‘mitasida o‘tkazilgan yopiq brifingda vaziyatga shunday baho berishgan.

Politico nashrining uchrashuv mazmuni bilan tanish bo‘lgan manbalari bunday xulosa nimaga asoslangani ma’lum emasligini aytishgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Pentagondagilar Ukrainada hozirda Rossiya qo‘shinlarini yarimoroldan siqib chiqarish imkoniyati yo‘q va yaqin orada ham bunday imkoniyat bo‘lmasligiga amin. Nashr suhbatdoshlari Kongressda hisobot berganlar shunga urg‘u qaratishganini qayd etishgan.

Politico nashrining yana bir manbasi brifing mazmunini «ko‘p ma’noli» deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, buning mohiyati shundaki, agar Ukraina Qrimni qaytarib olish uchun amaliyot boshlashga qaror qilsa, o‘z muvaffaqiyatini kafolatlay olmaydi.

Pentagondagilar bu ma’lumotga izoh berishni istashmagan. Idora rasmiy vakili Sabrina Singh Ukrainaning Rossiya tajovuzini qaytarishdagi natijalari va jang maydonida doimiy ravishda moslashishini e’tirof etib, shuning o‘zi ularning kurashish va o‘z suveren hududlarini qaytarib olish istagini ko‘rsatishini aytib o‘tgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!