Payg‘ambarimiz tashqi ko‘rinishlariga e’tibor qaratganmilar?

Payg‘ambarimiz tashqi ko‘rinishlariga e’tibor qaratganmilar?

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) insonlarning eng go‘zali edilar. Go‘zalliklari barcha ishlarida ko‘rinar edi. Shuning uchun musulmon kishi oilaviy hayotida ham u zotga ergashishi, har bir ishdagi jozibadorliklaridan ibrat olishi kerak bo‘ladi.

Payg‘ambarimizning hayotidagi go‘zallikni ikki tomondan o‘rganishimiz mumkin:

– pokizaliklari:

– o‘zlarining tashqi ko‘rinishlariga e’tibor berishlari.

1. Rasululloh tana a’zolarini poklashga qattiq rioya qilishlari  siyratlaridan ma’lum. Bu fitrat xislatlaridan bilib,  boshqalarni ham shunga buyurganlar.

Fitratning ma’nosi – payg‘ambarlar ixtiyor qilgan va shariatlarga muvofiq kelgan qadimiy sunnat. Fitrat, bu – insonlar komil sifatlar bilan sifatlanishlari va go‘zal suratda bo‘lishlari uchun shunga ko‘ra yaratilgan jibilliy (tug‘ma) xislat. 

Fitrat xislatlari ko‘p. Ulardan ayrimlarini keltirib o‘tamiz.

Oisha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilinadi: “Nabiy alayhissalom: “O‘nta narsa fitratdan. Mo‘ylabni qisqartirish, tirnoqlarni olish, barmoqdagi bo‘g‘inlarni yuvish, soqolni olmaslik, misvok, istinshoq, qo‘ltiq ostini yulish, kindik ostini qirish va istinjo qilish”. Hadis roviylaridan biri Mus’ab: “O‘ninchisini esdan chiqardim. U mazmaza bo‘lishi kerak”, dedilar” (Imom muslim rivoyati).

Juma kuni g‘usl qilish ham fitratdan hisoblanadi. Bir hadisi sharifda: “Sizlardan biringiz jumaga borishni hohlasa, g‘usl qilsin”, deyilgan (Imom Muslim rivoyati).

Tishlarni doimo pokiza tutish. Allohning Rasuli bunga qattiq e’tibor berar edilar. Oisha onamizdan rivoyat qilinadi: “Biz Rasulullohning misvoklarini va tahorat suvlarini tayyorlar edik. Alloh taolo u zotni kechadan xohlagan vaqtida turg‘azar edi. U zot misvok qilar, tahorat olar va namoz o‘qir edilar” (Imom Muslim rivoyati).

 Yana: “Misvok og‘izni poklaguvchi va Rabbni rozi qiluvchidir”, – deganlar (Imom Nasoiy rivoyati).

Payg‘ambarimiz ro‘za vaqtlarida va ro‘za bo‘lmagan paytlarida, uyqudan turganlarida, tahorat vaqtida, namozgacha va undan keyin uyga kirganlarida va bundan boshqa paytlarda ham doim misvok qilar edilar.

2. Rasululloh o‘zlarining tashqi ko‘rinishlariga e’tibor berardilar. U zot chiroyli ko‘rinishlari, kiyimlari orastaligi, hidlari hushbo‘yligi va sochlari taralganligi bilan ajralib turar edilar.

Endi Payg‘ambarimiz hayotlarida tashqi ko‘rinishlariga qanday e’tibor berganlari haqida so‘z yuritamiz.

Birinchi xislatlari. Rasululloh kiyimlari go‘zal bo‘lishiga e’tiborli edilar. Liboslari doimo bejirim go‘zal ko‘rinishda bo‘lar edi.

“Qalbida zarra miqdoricha kibr bo‘lgan kishi jannatga kirmaydi”,  dedilar Payg‘ambarimiz. Shunda bir kishi: “Albatta, bir kishi ustki kiyimi va oyoq kiyimi chiroyli bo‘lishini yaxshi ko‘radi”, dedi. “Albatta, Alloh taolo go‘zallikni yaxshi ko‘radi...” dedilar (Imom muslim rivoyati).

Ikkinchi xislatlari. Rasululloh sochlariga ham qattiq e’tibor berar edilar. Sochlarini qirdirar yoki shundayligicha qoldirardilar. Yana sochlarini faqat hayitda oldirib, ko‘pincha qoldirar edilar.

Anas (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambarimizning sochlari quloqlarining yarmigacha tushar edi” (Imom Nasoiy rivoyati).

Gohida sochlarini o‘zlari tarar edilar. Oisha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilinadi: “Rasulullohga soch tarash va tahorat olishda o‘ng tomondan boshlashlari yoqar edi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Ibn Battol aytadi: “Tarjil – soch va soqollarni tarash va yog‘lash. Bu narsa poklanish hisoblanadi. Alloh taolo aytadi: “Ey, Odam avlodi! Har bir masjid (namoz) oldidan ziynatlaringiz (pok kiyimlaringiz)ni (kiyib) olingiz!” (A’rof surasi 31-oyat).

Yana bir hadisi sharifda: “Kimning sochi bo‘lsa, uni ikrom qilsin”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).

 Bu hadisda sochga e’tibor qilishga, uni doimo batartib tutishga ochiq-oydin chaqiriq bor.

Uchinchi xislatlari. Rasululloh xushbo‘y narsalarni yaxshi ko‘rar va ko‘pincha xushbo‘ylanib yurar edilar. U zotga muattar narsalarning eng yaxshisi misk bo‘lib, uni qaytarmas edilar.

Payg‘ambarimiz: “Kimga rayhon berilsa, uni rad qilmasin. Chunki uning yuki yengil, lekin hidi hushbo‘ydir”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).

To‘rtinchi xislatlari. Nabiy alayhissalomning aksa urish va esnashga bo‘lgan munosabatlari.

U zot aksa ursalar, yuzlarini qo‘llari yoki kiyimlari bilan yopar va ovozlarini to‘sar edilar.

Payg‘ambarimiz esnashdan qaytarar, kimga esnash g‘olib bo‘lsa, qo‘lini og‘ziga qo‘yishni buyurar edilar. U zot (sollallohu alayhi va sallam) aytadilar: “Vaqtiki sizlardan biringiz esnasa, qo‘lini og‘ziga qo‘ysin. Chunki og‘ziga shayton kiradi” (Imom Muslim rivoyati).

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!