Pavel Durov Rossiyada messenjerning ishlashi sekinlashtirilganini tanqid qildi
Telegram asoschisi Pavel Durov Rossiyada messenjerning ishlashi sekinlashtirilganini tanqid qilib, Max ilovasini “senzura dasturi” deb atadi.
Bu haqda The Insider nashri xabar berdi.
Pavel Durov o‘zining Telegram-kanalida e’lon qilgan bayonotida fuqarolarning erkinligini cheklash to‘g‘ri qaror emasligini ta’kidlagan.
“Rossiya Telegramga kirishni cheklab, o‘z fuqarolarini davlat nazoratidagi, kuzatuv hamda siyosiy senzura uchun yaratilgan ilovaga o‘tishga majburlamoqda. 8 yil oldin Eron ham shunday strategiyani qo‘llashga uringandi, lekin ular muvaffaqiyatsizlikka uchradi”, — deb yozgan Durov.
Shuningdek, Pavel Durov Telegram bosimlarga qaramasdan so‘z erkinligi va shaxsiy hayot daxlsizligini himoya qilishini bildirgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Roskomnadzor messenjerning Rossiya hududida ish faoliyatini sekinlashtira boshlagan. Bunga esa Telegram'ning Rossiya qonunchiligini buzgani asos sifatida ko‘rsatilgan.
