Pastdarg‘omlik tadbirkor nolasi: elektr energiyasidagi uzilishlar sababli mahsulotni hamkorlarga yetkazib berolmayapmiz

Pastdarg‘omlik tadbirkor nolasi: elektr energiyasidagi uzilishlar sababli mahsulotni hamkorlarga yetkazib berolmayapmiz

Pastdarg‘om tumanidagi “Kamalak tekstil invest” MCHJda klaster usulida yetishtirilgan paxta mahsulotlaridan ip kalava ishlab chiqariladi. “Asakabank”ning 10 mln 295 ming dollarlik krediti evaziga to‘liq ishga tushgan korxonada ayni paytda 300ga yaqin ishchi-xodim mehnat qilyapti.    

Mazkur jamiyat rahbari Bobur Sulaymonovning aytishicha, bugungi kunda yillik quvvati 6000 tonna ip kalava ishlab chiqarishga mo‘ljallangan korxonada 3 smenada ish tashkil etilgan. Korxonada xodimlarning samarali mehnat qilishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Lekin ayrim muammolar ham borki, ular ishlab chiqarish ko‘lamiga salbiy ta’sir qilmoqda. 

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga ko‘rsatilgan nomzod M.Cho‘liyeva saylovchilar bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida korxona direktori Bobur Sulaymonov yutuqlari bilan o‘rtoqlashar ekan, muammolarini ham o‘rtaga tashladi.

“Elektr energiyasidagi sababsiz uzilishlar ishlab chiqarishga jiddiy zarar yetkazmoqda. Kun davomidagi 6-7 soat elektr energiyasining uzilishi sababli eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlarimizni hamkorlarga yetkazib berolmayapmiz. Bu hamkorlar tomonidan ham jiddiy e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Natijada olingan kredit summalarini qaytarishda ham muammolar yuzaga kelyapti”, – deydi B.Sulaymonov.

Korxona mutaxassislarning aytishicha, elektr energiyasining goh-o‘chib, goh yonishi natijasida asbob uskunalarni qaytadan dasturlashga to‘g‘ri kelmoqda. Bu jarayonda mahsulotlarning bir qismi yaroqsiz bo‘lib qolayotir.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod M.Cho‘liyeva murojaatni atroflicha o‘rganib, bu masala bo‘yicha O‘zLiDeP deputatlik guruhiga murojaat qildi. Shundan so‘ng, xalq vakili, partiya deputatlik guruhi rahbari B.Hujayorov ushbu masala yuzasidan Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi AJga so‘rov yubordi.

Umid qilamizki, mutasaddilar bu masalaga alohida e’tibor qaratib, tez orada tadbirkorni qiynayotgan muammoni hal etadi.

Baxtigul  QARSHIYEVA,

O‘zLiDeP Samarqand viloyat

Kengashi matbuot kotibi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!