Pashinyan Moskvaga bormaydi
«Ukraina masalasida Armaniston Rossiyaning ittifoqchisi emas», — dedi Armaniston bosh vaziri va 9 may paradida ishtirok etishdan voz kechdi
Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan 9 may kuni Moskvada o‘tadigan paradga bormaydi. U bu qaror haqida 1 aprel kuni Rossiyaga tashrifi chog‘ida RF prezidenti Vladimir Putinni oldindan xabardor qilgan. Sabab sifatida u 7 iyun kuni bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlari oldidan saylovoldi kampaniyasida ishtirok etish zarurligini ko‘rsatgan.
Jurnalistlarning Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning Yerevanga tashrifi Rossiyaga qarshi qadam emasmi, degan savoliga javob berar ekan, Pashinyan mamlakat pozisiyasini ochiq aytdi: «Men avval ham aytganman, Ukraina masalasida Armaniston Rossiyaning ittifoqchisi emas». U mamlakat Ukrainaga gumanitar yordam yuborganini eslatdi.
Shu hafta Yerevanda tarixdagi birinchi ikki tomonlama «EI — Armaniston» sammiti bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham tashrif buyurdi. Muzokaralar davomida Pashinyan mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashini bildirib: «Agar bizni YEIga qabul qilishsa, biz baxtli va mamnun bo‘lamiz», — dedi.
Moskva reaksiyasi esa qattiq bo‘ldi. Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova Armaniston hukumatini «Rossiyaga qarshi harakat qilmaslik» haqidagi va’dani buzishda ayblab, ritorik savol berdi: «Xo‘sh, siz tarixiy jihatdan qaysi tomondasiz? Tarixiy kontekstda kimni qo‘llab-quvvatlayapsiz?»
RF prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov ham Moskva noroziligini tasdiqladi: «Biz Pashinyan bilan yaqinda juda jiddiy muzokaralar o‘tkazdik va bu muzokaralarda barcha masalalarga oydinlik kiritildi».
9 may paradi 2007 yildan beri birinchi marta harbiy texnikasiz o‘tkaziladi. Kreml hozircha xorijiy yetakchilarning to‘liq ro‘yxatini e’lon qilmagan. Tasdiqlangan mehmonlar orasida Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Malayziya sultoni Ibrohim va Slovakiya bosh vaziri Robert Fiso bor. Ammo Fiso paradda qatnashmasdan, Putin bilan uchrashuv va gul qo‘yish marosimi bilan cheklanmoqchi.
