Pandemya! Qishki oyoq kiyimlar kamyob mahsulotga aylanishi mumkin
Koronavirus pandemiyasi sharoitida ishlab chiqarish uchun materiallar yetkazib berishda uzilishlar bo‘lganligi sababli fransuzlar uchun do‘kon peshtaxtalarida qishki poyabzallar yetarli bo‘lmasligi mumkin.
Ushbu ogohlantirish mahalliy biznes egalari tomonidan berildi, deya xabar qimoqda “BFMTV”.
Qayd etilishicha, birinchi navbatda fransuz bolalari qish uchun mavsumiy poyabzal yetishmovchiligiga duch kelishi mumkin. Masalan, “Chupi Boots” bolalar poyabzali do‘koni menejeri Filipp Shelli do‘konining atigi uchdan ikki qismigina to‘lganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, bu faqat zaxiradagi oyoq kiyimlar bo‘lib, yozgi poyabzallarning o‘rnini bosadigan yangilari hali keltirilmagan.
Uning aniqlik kiritishicha, koronavirus poyabzal uchun taglik, yelim va terini yetkazib berishdagi uzilishlarga sabab bo‘lgan. Bu ham yetmagandek, endilikda ushbu materiallar ishlab chiqarilgan mamlakatidan qat’i nazar cheklangan miqdorda yuboriladi.
"Bizning ishlab chiqaruvchilarimiz hozirda poyabzal tayyorlash uchun kerakli bo‘lgan mahsulotlarga buyurtma berishda qiynalishmoqda", deya ta’kidladi Shelli va Fransiyada ishlab chiqarish jarayoni ikki oy davomida to‘xtaganini va endilikda uni qoplash qiyinligini qo‘shimcha qilgan holda.
O‘z navbatida, qishki poyabzallarning mamlakatning yoshi katta aholisi uchun ham yetarli bo‘lmasligi mumkinligini aytayotgan Fransiyaning poyabzal yetkazib beruvchilar federasiyasi a’zosi Robert Trinelning so‘zlariga ko‘ra, ayni kunlarda yetkazib berishning umumiy kechikishi taxminan 30% ni tashkil qilmoqda.