Otasiga aliment to‘lamagan farzandga chora ko‘rildi
Qonunchiligimizga ko‘ra, voyaga yetgan mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalariga g‘amxo‘rlik qilishga majburlini belgilangan.
Biroq, bu qonun talablarini bajarmayotgan va milliy qadriyatlarimizga amal qilmayotgan shaxslar, jamiyatimizda yo‘q emas, afsus.
MIB Oqdaryo tuman bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan FIB Payariq tumanlararo sudining ijro hujjatiga ko‘ra, qarzdor o‘g‘il E.X.dan o‘z otasi YU.X. foydasiga oylik daromadining 50 foizi miqdorida aliment to‘lash belgilagan.
Biroq, o‘g‘il aliment majburiyatini qasddan bajarmay, bo‘yin tovlab yurgan.
Davlat ijrochisi bir necha marta ogohlantirgan va aliment qarzini to‘lamasa, javobgarlik belgilanishini aytgan. Natija bo‘lmagach, hujjatlarni sudga taqdim etgan.
2025 yil 1 dekabr kuni JIB Oqdaryo tuman sudi qarzdor E.X.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 47-5-moddasi 1-qismi bo‘yicha 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinladi.
Eslatma: Oila kodeksining 109-moddasiga asosan, voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalar mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj o‘z ota-onasiga ta’minot berishlari va ular to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishlari shartligi belgilab qo‘yilgan.
