“Ostona jarayoni” Suriyadagi tinchlikni yaqinlashtirmoqda

“Ostona jarayoni” Suriyadagi tinchlikni yaqinlashtirmoqda

Qozog‘iston har doim murakkab xalqaro vaziyatlarni barqarorlashtirish ishiga yordam berishga tayyor, buni amaliyotda bir necha bor isbotlab ham bergan. Rasmiy Nur-Sulton, shu ma’noda, Suriya muammosidan ham chetda qololmasdi, zero, Yaqin Sharqdagi urush terrorchilik ofati ila barcha dalxdor ziddiyat edi. Tan olish kerak, oxirgi vaqtlarda Qozog‘iston ham bu baloga yo‘liqdi, shu bois “ishidparast” tashkilotlarni tag-tomiri bilan qo‘porib tashlash o‘ta muhim vazifaga aylandi. Axir, bu alohida mamlakatning inqirozi emas, bu Yaqin Sharq va xalqaro ziddiyatlar muammosining jamlanmasi. Jahon afkor ommasi, shu jumladan, biz, Markaziy Osiyo xalqlari ham Suriyadagi 8 yildan beri davom etayotgan qonli urush yakun topishini istaymiz. Yuz minglab kishilarning o‘limi, millionlab suriyaliklarning qochoqqa aylanishi, xorijda darbadarlikdagi taqdiri insoniyatni befarq qoldirolmaydi. Suriyada tinchlik qaror topishi shart.

Tan olish kerak, Yevroosiyoning muhim va obro‘li davlatlaridan biri Qozog‘iston va uning birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev jahon sahnasida o‘z taklif va o‘z tashabbuslari bilan dovruq qozondi. Ayniqsa, mamlakatning 2017 yildan beri Suriya mojarosida ishtirok etayotgan tomonlarning murakkab muzokaralari uchun osoyishta muhit yaratib berganining o‘zi e’tirofga sazovor. U tinchlik jarayonlarining muvaffaqiyati uchun “ulush” talab qilayotgani yo‘q. Nur-Sulton (avvalgi nomi Ostona bo‘lib, muzokaralar jarayoni uning nomi bilan atalgan)dagi muzokaralar muvaffaqiyati global miqyosda mamlakatning nufuzini oshirmoqda, poytaxtni Vena va Jeneva darajasidagi yangi muloqotlar maydoniga aylantirmoqda.

Ta’kidlash joiz, Qozog‘istonning muzokaralardagi pozisiyasi dunyoga ma’lum-u-mashhur. Olaylik, 1990-yillarda Tog‘li Qorabog‘ sababli Armaniston va Ozarbayjon ziddiyatlari keskinlashgan vaqtda Qozog‘iston ularni murosaga keltirgan tomonlardan biri bo‘ldi. O‘sha kezlarda Tojikistonda birodarkushlik urushiga chek qo‘yishda muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Osiyoda o‘zaro hamkorlik va ishonch bo‘yicha kengash doirasida Qozog‘iston Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi keskinlik ko‘lamini pasaytirishga o‘z hissasini qo‘shdi. 2013 yilda Almatida Eron yadroviy dasturiga oid muzokaralarning ikkita bosqichi o‘tkazildiki, bu 2015 yilda olti tomonlama kelishuvlar va islom respublikasidan sanksiyalarning olib tashlanishiga oid ahdlashuvlarning imzolanishiga debocha vazifasini o‘tadi.

Qozog‘iston poytaxtida oktyabr oyida Suriya mojarosini barqarorlashtirishga oid muzokaralarning navbatdagi bosqichi o‘tkazilishi mumkin. U hisob bo‘yicha 14-bo‘ladi. Bu kabi uchrashuvlar “Ostona jarayoni” muloqoti maydonidagi barcha tomonlarning manfaatdorligidan dalolat beradi. Muzokarachilar safi va tarkibi ham xilma-xil, busiz albatta, muzokaralar o‘tkazishdan ma’ni qolmasdi. Olaylik, 1-2 avgust kunlari o‘tkazilgan navbatdagi raund ham e’tiborga molik. OAV uni “Ostona-13” deb nomlashdi. Eng muhimi, u hamon muhokamalar markazida.

“Ostona jarayoni” doirasida hukumat qo‘shinlari va qurollangan suriyaliklar o‘rtasida kelishuv yuzasidan amaliy natijalarga erishishga muvaffaq bo‘lindi. Ekspertlar va BMT vakillari ham shunday fikrda. Eslatib o‘tamiz, uchinchi yildirki, Qozog‘iston poytaxti muloqot maydonchasida Suriyada vaziyatni tartibga solish bo‘yicha aniq takliflar o‘rganib chiqilmoqda. Kafil davlatlar o‘rtasidagi kelishuvlar natijasida harbiy asirlar almashinuvi yo‘lga qo‘yildi. Ta’kidlash joiz, BMT Xavfsizlik Kengashida Suriyadagi vaziyat muhokamasi yuzasidan navbatdagi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Asosiy e’tibor Idlib atrofidagi murakkab holat, mamlakat Konstitusiyaviy qo‘mitasini ishga tushirishning ahamiyatiga qaratildi. Arab davlatining mustaqilligi va hududiy yaxlitligini hurmat qilishga chorlandi. Shu o‘rinda Suriya bo‘yicha BMT bosh kotibi maxsus vakili Geyr Pedersenning bayonotiga to‘xtalish joiz: - Suriyada vaziyatni tinch yo‘l bilan tartibga solish bo‘yicha keyin ham davom etuvchi jarayon faqat Jenevadagi uchrashuvlardan iborat bo‘lib qolmaydi. Dastlab suriyaliklarning real hayotiy muammolarini hal qilib olish lozim. Hisobot davrida Eron, Turkiya va Rossiya tomonidan yaratilgan Ishchi guruh rahbarligi ostida qo‘lga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha bir vaqtning o‘zida 4 operasiya amalga oshirildi. Xalqaro ishtirokchilar BMT rahbarligi ostida o‘tkaziladigan o‘zaro muloqotlarni chuqurlashtirish va tinchlik jarayonini qo‘llab- quvvatlash jarayoni uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmoqda. Vaziyatni “Ostona jarayoni”dagi kabi ko‘rib chiqish davom etishiga hech qanday shubham yo‘q. Va BMT shunday guruhlar bilan ishlash maqsadida pragmatik yondashuvga bundan keyin ham amal qiladi, - deydi Pedersen. Eslatib o‘tamiz, Ostonadagi Suriya bo‘yicha tinchlik muzokaralarining brinchi bosqichi 2017 yilning 23-24 yanvar kunlari o‘tkazilgan bo‘lib, shundan boshlab “Ostona jarayonlari”ga asos solindi. U ham Suriya hukumati, ham qurolli muxolifati qatnashgan birinchi muzokaralar bo‘lganligini ta’kidlash joiz. O‘sha yilning o‘zida yetti marta uchrashuvlar o‘tkazildi.

Suriya televideniyasi Qozog‘iston poytaxtida muzokaralarning 13-raundi o‘tayotgan paytdayoq Idlibdagi o‘t ochish to‘xtalishini e’lon qildi. Hodisa shu qadar kutilgan, ammo shu qadar nozik edi. Suriya shimoli-g‘arbidagi mazkur viloyatda turli ma’lumotlarga ko‘ra, bir yarim milliondan 3 milliongacha kishi istiqomat qiladi. Xalqaro ekspertlarning so‘nggi ma’lumotiga ko‘ra, Idlib yirik gumanitar inqirozni boshdan kechirayapti. BMTning rasmiy saytida tashkilot bosh kotibining gumanitar masalalar bo‘yicha o‘rinbosari va BMT favqulodda yordami muvofiqlashtiruvchisi Mark Lokokning nutqi chop etilgan, uning so‘zlariga ko‘ra, Idlibdagi voqealar eng yomon ssenariy asosida rivojlanmoqda. “Siyosatchilarning zo‘ravonlikka chek qo‘yish va harbiy harakatlar chog‘ida oddiy fuqarolarni himoya qilishni ko‘zda tutgan xalqaro huquqqa rioya qilishga layoqatsizligi sababli tinch aholi tovon to‘lamoqda”, - dedi u. Bundan kelib chiqadigan ma’no bitta – siyosatchilar kelishishga qodir emas.

Shu ma’noda, Qozog‘iston poytaxti murosa yo‘lini topishga urinib ko‘rish mumkin bo‘lgan joy, o‘ziga xos maydondir. Boz ustiga, Nur-Sultondagi muzokaralar ishtirokchilari Suriyadagi harbiy harakatlarning to‘xtatilishidan, eng avvalo, bu ularning mamlakatidagi potensial xavfsizlik va barqarorlikka tahid solishi nuqtai nazaridan manfaatdor.

Muzokaralar stoliga ziddiyatda qatnashayotgan turli tomonlar – Suriya Arab Respublikasining BMTdagi vakili Bashar al-Ja’fariy boshchilik qilgan hukumat va Ahmad al-Touma rahbarligidagi quroli muxolifat delegasiyasi o‘tirdi. Kafolatchi mamlakatlar orasida Rossiya delegasiyasini RF prezidentining Suriya bo‘yicha maxsus vakili Aleksandr Lavrentyev, Turkiya delegasiyasini – tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Sedat Onal boshqardi. Eron delegasiyasi tashqi ishlar vazirining siyosiy masalalar bo‘yicha katta yordamchisi Ali Asgar Xaji boshchiligida ishtirok etdi. Qozog‘istondagi uchrashuvga BMTning Suriya bo‘yicha maxsus vakilining o‘rinbosari Xavla Matar boshchiligidagi nufuzli delegasiyasi ham yetib keldi. Maxsus vakil Geyr O. Pedersen sog‘ligi sababli Nur-Sultonga tashrif buyura olmadi. Qozog‘iston poytaxtidagi davra stoliga BMTning qochoqlar ishlari bo‘yicha boshqarmasi vakillari, Qizil Xoch va Iordaniya vakillari ham o‘tirishdi. Ostona shaklidagi muzokaralarga birinchi marta Livan va Iroq ham qo‘shildi. Nur-Sultondagi avvalgi uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha Yaqin Sharqning ikkita mamlakati delegasiyasini tinchlik jarayonlariga qo‘shish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Rasmiy Bayrut va Bag‘dod qiziqishlarini tushunsa bo‘ladi. Suriyaning geografik qo‘shnilari bo‘lgan bu davlatlar suriyalik qochoqlarning o‘z yurtlariga qaytarish, uning ishonchli va iqtisodiy barqaror sherik sifatidagi o‘rni mustahkamlanishi bilan bog‘liq masalalarning yechimidan manfaatdorlar.

Biroq Idlib bo‘yicha kelishuvlar Nur-Sultondagi muzokaralarning bosh natijasi emas. Bu o‘rinda Suriya yuzasidan konstitusiyaviy komissiya tashkil etilishi xususida so‘z bormoqda. Suriyadagi mojaroni barqarorlashtirish bo‘yicha rossiyalik muzokarachilar komissiyaning tashkil etilishi borasida ikki yildan ko‘proq vaqt oldin bayonot berishgandi. Yangi organ Shomning yangi konstitusiyasini ishlab chiqish bilan shug‘ullanishlari kerak edi. Biroq muloqotlar yangi organ a’zolarini muhokama qilish chog‘ida “depsinib” qoldi. Komissiyani tashkil etish yo‘lidagi ilk jiddiy siljish haqidagi xabarlar Nur-Sultondagi muzokaralar yakunida ma’lum bo‘ldi. Shuning uchun xalqaro ekspertlar konstitusiyaviy komissiyaning shakllantirilishi jarayoni Suriya bo‘yicha muzokaralarning 14-bosqichi Nur-Sultonda o‘tkaziladigan shu yilning oktyabr oyigacha yakunlanishi mumkinligini e’tibordan soqit qilmayaptilar.

Suriya bo‘yicha “Ostona” xalqaro muzokaralarining muvaffaqiyati Qozog‘istonning bu kabi uchrashuvlar joyi sifatida tanlanishi bejiz emasligini yana bir namoyish etdi. Tinchlikparvar va ochiq siyosati tufayli mamlakat barcha davlatlar ishonchini qozondi. Aslida mustaqillikka erishganidan boshlab Qozog‘iston Semipalatinskdagi yadroviy poligonini yopib, o‘zining tinchliksevarligini namoyish etgan edi. O‘shandayoq u dunyoning boshqa xalqlariga namuna bo‘lib xizmat qildi. Bugun ham mamlakat mintaqaviy ziddiyatlarni yechishda vositachilik va tinchlikni saqlash rolini o‘ynashda davom etmoqda. Suriya bo‘yicha Nur-Sultondagi muvaffaqiyatli konferensiyalar Qozog‘istonning tinchlik muzokaralari uchun joy sifatida tanlanishi bejizga emasligini yana bir karra namoyon etdi. “Ostona jarayonlari”ning samaradorligi qozog‘istonlik diplomatlarning yuqori darajadagi tayyorlangani bilan ham bog‘liq. Ular muzokaralar uchun optimal sharoitlarni yaratib berishdi. Rasmiy Nur-Sultonning ham Osiyoda, ham Yevropada muloqot olib borish va munosabatlarni saqlab qolishga qodirligi, voqealarga neytral pozisiyasi uning jahon sahnasida muhim o‘rin egallashiga imkon berdi.

Fayzullox Abdulboqiyev

Manba: human.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!