Oq uy BMT va NATO'ni moliyalashtirishni to‘xtatishni taklif qildi — OAV

Donald Tramp ma’muriyati AQSh Davlat departamenti byudjetini ikki baravar qisqartirishni, diplomatlar va elchixonalar sonini kamaytirishni hamda BMT va NATO kabi xalqaro tashkilotlarga moliyaviy yordamni to‘xtatishni xohlaydi, deya xabar bermoqda Reuters va AP Qo‘shma Shtatlar Ma’muriy-byujet boshqarmasining hujjatiga tayanib.
Qayd etilishicha, 2025 yil oktyabridan moliyalashtirishni 50 foizga yoki taxminan 30 milliard dollarga kamaytirish rejalashtirilgan.
Associated Press ma’lumotlariga ko‘ra, bu hujjat hozircha rejalashtirish bosqichida bo‘lib, Davlat departamenti ham, AQSh Kongressi ham uni ma’qullamasligi mumkin.
"Moliyalashtirish bo‘yicha yakuniy qarorlar hali qabul qilinmagan", — deya ma’lum qildi boshqarma vakilasi agentlikka.
Reuters'ning xabar berishicha, Oq uy 10 ta elchixona va 17 ta konsullikni, asosan Afrika va Yevropadagi diplomatik vakolatxonalarni yopishni taklif qilmoqda. Qisqartirishlar faqat Davlat departamentigagina emas, balki AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligiga (USAID) ham taalluqli bo‘ladi. USAID'ning funksiyalari Davlat departamentiga topshiriladi.
AP'ga ko‘ra, hujjatda BMT va NATO'ni moliyalashtirishni to‘xtatish, xorijdagi yordam dasturlarini ikki baravar qisqartirish, sog‘liqni saqlash loyihalari uchun mablag‘ ajratishni to‘xtatish rejalashtirilgan. Faqatgina OITS, sil va bezgak profilaktikasi uchun oz miqdorda mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan.