OpenAI o‘zining ijtimoiy tarmog‘ini yaratmoqda

OpenAI X (sobiq Twitter) va Meta bilan raqobatlasha oladigan o‘zining ijtimoiy tarmog‘ini yaratish ustida ishlamoqda.
Bu haqda The Verge xabar bermoqda.
OpenAI rejalari bilan tanish bo‘lgan manbalarga ko‘ra, yangi ijtimoiy tarmoq ChatGPT orqali tasvir yaratish bilan bog‘lanadi. Prototip allaqachon oddiy ijtimoiy tarmoqlar kabi tasmaga ega.
Ijtimoiy tarmoq alohida ilova sifatida chiqariladimi yoki ChatGPT tarkibiga kiradimi, hozircha ma’lum emas. 2025 yil mart oyida ChatGPT dunyodagi eng ko‘p yuklab olingan ilovaga aylandi.
The Verge nashrining yozishicha, ijtimoiy tarmoqning chiqarilishi OpenAI bosh direktori Sem Altman va Ilon Mask o‘rtasidagi raqobatni kuchaytirishi mumkin. Fevral oyida Mask OpenAIni 97,4 milliard dollarga sotib olishni taklif qilgan, biroq rad javobi berilgan edi. Shundan so‘ng Altman hazil bilan "Tvitterni o‘zlari 9,74 milliard dollarga sotib olishlari mumkin", deb aytdi.
Bundan tashqari, OpenAI ijtimoiy tarmog‘i neyron tarmoqlarni o‘qitish uchun juda muhim bo‘lgan noyob foydalanuvchi ma’lumotlariga real vaqt rejimida kirishni ochishi ham ma’lum. Misol uchun, X kompaniyasi endi bunday ma’lumotlarni xAIning Grok chatbotiga yuboradi.