Okinavada o‘n minglab odamlar AQSh aviabazasiga qarshi norozilik namoyishiga chiqdi

A A A
Okinavada o‘n minglab odamlar AQSh aviabazasiga qarshi norozilik namoyishiga chiqdi

Okinavada 70 ming aholi AQSh aviabazasining orolning bir joyidan ikkinchi joyiga ko‘chirilishiga qarshi norozilik namoyishiga chiqdi. Bu haqda «RIA Novosti» xabar bermoqda.

Namoyish ishtirokchilari markaziy hukumatni harbiy bazani ko‘chirish qaroridan qaytishga chaqiruvchi bayonot qabul qildi. Namoyishchilarning fikricha, amerikalik harbiylar orolning bir joyidan ikkinchi joyiga ko‘chishlari emas, balki oroldan butunlay ketishlari lozim.

Norozilik namoyishi qatnashchilari chorshanba kuni saratondan vafot etgan Okinavaning sobiq gubernatori Takeshi Onagani ham xotirlagan. Onaga faoliyati davomida AQShning Futemma bazasini Okinavadan olib chiqishni talab qilib kelgan, biroq bu Yaponiya hukmatining AQSh bilan majburiyatlariga zid edi.

Qayd etish joiz, norozilik namoyishida Okinavaning amaldagi gubernatori o‘rinbosari Kiichiro Yaxana ham qatnashgan. U Futemma harbiy bazasini prefektura hududidan chiqarish yo‘lidagi kurashni davom ettirishini ma’lum qilgan.

Okinava Yaponiya hududining 0,6 foizini tashkil etadi, biroq Yaponiyadagi Amerika harbiy ob’ektlarining 74 foizi va mamlakatdagi AQSh harbiy xizmatchilarining yarmidan ortig‘i shu orolda joylashgan. Prefektura ma’muriyati ma’lumotlariga ko‘ra, Okinavada 26 ming amerikalik harbiy xizmatchi va ularning 19 mingdan ortiq oila a’zolari, yaqinlari istiqomat qiladi.

Manba: daryo.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!