Nega tanbeh bermay qo‘ydik?

Nega tanbeh bermay qo‘ydik?

Ko‘cha-ko‘yda zavq bilan o‘ynab yurgan maktab o‘quvchilarini ko‘rsam, bolalik paytlarim yodimga tushadi. Biz ham xuddi shunday edik: darslardan so‘ng ko‘chaga chiqib o‘rtoqlarimiz bilan o‘yinga sho‘ng‘ib ketardik. Bolalik shunisi bilan maroqli, shunisi bilan yoqimli-da

Ammo o‘yin har qancha qizib turgan bo‘lmasin, ko‘cha boshida biror o‘qituvchi kelayotgan bo‘lsa, shoshib-pishib uy-uyimizga tarqalardik. Chunki ustozdan Nega dars qilmay, bo‘lmag‘ur o‘yinlar o‘ynayapsizlar, vaqtni behudaga sarflamang. Boringlar, uydagilarga yordam bering yoki darsingizni qiling , degan tanbeh eshitishni xohlamasdik. Qo‘rqqanimiz uchun emas, hurmat qilganimiz uchun shunday yo‘l tutardik.

Afsuski, ayni paytda ustoz martabasi oldingidek emas. Buni o‘quvchilar munosabatidan ham bilsa bo‘ladi. Masalan, ba’zida to‘y yoki boshqa tantanalarda o‘quvchi o‘qituvchisi bilan bemalol spirtli ichimlik ichib o‘tirganiga ko‘zimiz tushadi. Bunda o‘sha ustozning ham aybi borligini tan olmay iloj yo‘q. Aynan shunisi xavotirli aslida. Nega biz kattalar, ayniqsa, ustozlar yoshlarga tanbeh bermay qo‘ydik? Nima uchun yigit-qizlarimizning nojo‘ya xatti-harakatlarini ko‘rib, ko‘rmaslikka olyapmiz? Mening farzandim emas-ku, mening mahallamdanmas-ku qabilida ish tutish oddiy holga aylanib qoldi? Agar e’tiborsizlik qilib o‘z vaqtida tanbeh bermasak, to‘g‘ri yo‘ldan adashgan farzandlarimizning o‘zini haq deb o‘ylashiga sharoit yaratib bergan bo‘lmaymizmi?

Shu o‘rinda Suyunchi filmini bir eslaylik. Film bosh qahramoni Anzirat buvi qishloqdoshlariga, jumladan, yoshlarga ham dakki berib, ularning ma’naviyati, xulq-atvoridagi kemtiklikni ko‘rsatib berishga harakat qiladi va bunga erishadi ham. Albatta, ana shunday fidoyi insonlar oramizda, yon-atrofimizda juda ko‘p. Ular har qancha e’tiboru ehtiromga loyiq. Ammo ming afsuski, o‘z mas’uliyatiga loqayd pedagog lar ham bor. Fikrimcha, jamiyatni guruch ichidagi mana shunday kurmaklardan tozalashning ayni fursati. Chunki o‘qituvchi tarbiya masalasiga beparvo bo‘lsa, bundan nafaqat o‘zi, balki butun boshli jamiyatga katta moddiy va ma’naviy zarar yetishi hech gap emas. Zero, bu kasb egalari inson kelajagi va ma’naviy barkamolligining me’moridir.

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!