«Navro‘z» ashula va raqs ansambli Italiyada o‘tkazilgan xalqaro festivalning Gran-prisini qo‘lga kiritdi

«Navro‘z» ashula va raqs ansambli Italiyada o‘tkazilgan xalqaro festivalning Gran-prisini qo‘lga kiritdi

O‘zbekiston Davlat filarmoniyasining «Navro‘z» ashula va raqs ansambli 5-12 mart kunlari Agridjento shahrida (Sisiliya, Italiya) bo‘lib o‘tgan «Internazionale Del Folklore» 65-xalqaro festivalida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Bu haqda «Dunyo» AA xabar berdi.

Albaniya, Armaniston, AQSH, Bolgariya, Gresiya, Gruziya, Ispaniya, Italiya, Hindiston, Keniya, Koreya, Qirg‘iziston, Kot-d’Ivuar, Makedoniya, Malayziya, Meksika, Polsha, Serbiya, AQSH, Tailand, Shotlandiya, Xorvatiya, Chili va Yaponiya kabi 29 davlatdan 52 jamoa ishtirok etgan festivalda «Navro‘z» ashula va raqs ansambli festival Gran-prisini qo‘lga kiritdi.

G‘oliblarga mukofotni turizm, sport va ko‘ngilochar masalalar bo‘yicha mintaqaviy maslahatchi Elvira Amata, Agridjento meri Franchesko Michike va shahar prefekti Mariya Rita Kokkiufa topshirdi.

Qayd etish joizki, festival tashkil etilganidan buyon Markaziy Osiyo davlatlaridan birorta jamoa ushbu madaniy tadbirda ishtirok etmagan. «Navro‘z» ansamblining ishtiroki O‘zbekistonning Italiyadagi elchixonasi ko‘magida tashkil etildi.

Jamoamiz festivalda O‘zbekiston madaniy merosining elementi sifatida YUNESKOning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan «Lazgi» raqsini ijro etdi.

O‘zbekiston nomidan ilk bor ishtirok etgan badiiy rahbar va bosh xoreograf Zarina Ahmedova boshchiligidagi «Navro‘z» ashula va raqs ansambli xalqaro festivalda asosiy o‘rinni egallagani o‘zbek milliy raqs san’atining jahon madaniyatida yuksak e’tirofining yana bir ifodasi bo‘ldi.

O‘zbekiston delegasiyasi bilan Italiyaga kelgan O‘zbekiston xalq artisti Gulsanam Mamazoitova ham o‘z qo‘shiqlarini taqdim etdi. Uning qo‘shiqlari xorijlik tomoshabinlarning mehrini qozondi.

Tadbir tashkilotchilari ansamblning musiqa va qo‘shiqlari, ajoyib raqslari, yorqin liboslari O‘zbekiston madaniy qadriyatlari va boy tarixiy-madaniy merosining eng yorqin ifodasi ekanini qayd etishdi.

«Navro‘z» ansamblining nufuzli xalqaro festivaldagi ushbu yutug‘i xalqimizning asrlar davomida shakllangan madaniyatini jahon miqyosida keng targ‘ib etishga qo‘shgan ulkan hissasi bo‘ldi. Ushbu yutuqning mehr-oqibat, hamjihatlik, insonparvarlik, bag‘rikenglik, bunyodkorlik va saxovat timsoli bo‘lgan «Navro‘z» bayrami arafasida qo‘lga kitilgani, ikki hissa quvonarlidir.

Italiyaning «agrigentooggi.it» va «comunicalo.it» onlayn nashrlarida «Navro‘z» ashula va raqs ansamblining ushbu festivaldagi muvaffaqiyatli ishtirokiga bag‘ishlangan maqolalar joylashtirildi. O‘zbekiston san’at ustalarining chiqishlari, shuningdek, Youtu.be kanali orqali ham namoyish etildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!