«Nahot shuni tushunish uchun katta aql shart bo‘lsa?!» — Sudyalar oliy kengashi mas’uli Sattoriyning apellyasiya sudi Samarqanddan Termizga ko‘chirilishi sabablari haqida

Bloger Otabek Sattoriyning jinoyat ishi bilan bog‘liq apellyasiya instansiyasi sudi bir necha kun davom etishi mumkin. Bu haqda Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati rahbari Tursunali Akbarov «Daryo»ga ma’lum qildi.
Surxondaryolik Otabek Sattoriy 2021 yil 4 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot sudi tomonidan Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi «a», «g» bandlari (og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab, g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda tuhmat qilish) va 165-moddasi 3-qismi «a» bandida (juda ko‘p miqdordagi tovlamachilik) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan edi. Sud unga 6 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan.
Sattoriyning apellyasiya ishi Samarqand viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan ko‘rilishi belgilangan edi. Keyinroq sud ishi 29 iyun kuni Termiz shahrida ko‘rilishi ma’lum bo‘ldi, ishni ko‘rish soat 10:00 da boshlanishi belgilangan.
Tursunali Akbarovning bergan izohiga ko‘ra, bloger Otabek Sattoriyga oid jinoyat ishi apellasiya instansiyasida Samarqand viloyat sudyalari tomonidan Surxondaryoda ko‘rilishi «xolislikni ta’minlashga qaratilgan chora»dir.
«Samarqand viloyat sudi sudyalari jinoyat ishini Samarqandning o‘zida emas, balki Termizga borib ko‘rishini bir tomonlama talqin qilib, jamoatchilikning fikrini chalg‘itish farosatsizlikdan boshqa narsa emas. Jinoyat ishini Termizga borib ko‘rish — sudlanuvchi va uning yaqinlari manfaatidan kelib chiqib qilingan ish, xolos», — dedi u.
Akbarovning alohida qayd etishicha, «blogerga oid jinoyat ishi apellasiya instansiyasi sudida bir kunda ko‘rib tugatilmasligi ehtimoli juda yuqori» — sud majlisi bir necha kunga cho‘zilishi mumkin.
«Endi o‘ylang, sudlanuvchining Surxondaryodan Samarqandga ‘etap’ qilinishi, shuningdek, har sud majlisiga Termizdan kelib-ketish uning yaqinlariga tashvish va chiqim tug‘dirishi mumkinmi? Ha. Shu kabi holatlardan kelib chiqib, sud Termizdan o‘tkazilishi belgilandi, xolos. Nahot shuni tushunish uchun katta aql shart bo‘lsa?!», — dedi Sudyalar oliy kengashi matbuot kotibi.