Munosib kelin
Oila qurish niyatidagi erkak taraf o‘zi uchun nikohi harom va sovchilik qilib bo‘lmaydigan shaxslarni ajratib olganidan keyin eng avval munosib kelin axtarishga kirishadi. Kuyov tarafdan qizga sovchi qo‘yiladi. O‘sha paytda kuyov, uning ishboshilari va sovchilari kelinlikka nomzodning qanday taraflariga e’tibor berishlari kerak? Bu savolga javob axtarib, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning hadisi shariflariga murojaat qilamiz. Zotan, U zot sollallohu alayhi va sallamning o‘zlari bir qancha hadisi shariflarida munosib kelin qanday bo‘lishini bayon qilib berganlar. Mazkur hadisi shariflarda kelinlikka nomzodning quyidagi sifatlariga alohida e’tibor berish tavsiya qilingan:
1. Dindorlik.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: تُنْكَحُ الْمَرْأَةُ لِأَرْبَعٍ: لِمَالِهَا، وَلِحَسَبِهَا، وَلِجَمَالِهَا، وَلِدِينِهَا فَاظْفَرْ بِذَاتِ الدِّينِ تَرِبَتْ يَدَاكَ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi va sallam:
“Ayol to‘rt (narsasi) uchun nikohlanadi: moli uchun, nasabi uchun, jamoli uchun va dini uchun. Bas, dindorini tanla, qo‘ling tuproqqa qorilgur”, dedilar”.
Beshovlari rivoyat qilganlar.
Uylanishdan oldin kelinlikka nomzodning qiziqtiradigan sifatlariga qaraladi. Ushbu hadisi sharifda o‘sha – nikohiga rag‘bat qilinadigan nomzodda bo‘lishi lozim bo‘lgan yaxshi sifatlardan to‘rtta eng mashhuri haqida so‘z ketmoqda.
Agar ushbu to‘rt sifat – mol ham, jamol ham, nasabu nasab ham, dinu diyonatga qo‘shilib, bir qizning ziynati bo‘lib tursa, albatta, yaxshi. Ammo mazkur to‘rt sifat bir-biri bilan solishtirilganda, ular orasida dindorlikka teng keladigani yo‘q. Balki qolganlariga yana boshqa bir qancha yaxshi sifatlar qo‘shilsa ham dindorlik sifatiga yeta olmaydi.
Chunki moldorlik vaqtinchalik sifatdir. Bir lahzada molu mulkdan ajrab qolganlar qancha. Agar kelinning moliga qiziqib, unga uylanilsa va uning moli baqosizlik qilib, uni tark etsa, bunday kelinga qiziqish qolmaydi. Qolaversa, mol-mulkining ko‘pligi kelinning hovliqishiga, kuyovni va uning yaqinlarini mensimasligiga sabab bo‘lishi ham mumkin. Dindorlik bo‘lmagan holatda boylik ko‘pincha noqulay ishlarga sabab bo‘lishi turgan gap.
Nasabi yaxshi kelin, albatta, yaxshi kelin bo‘ladi. Lekin faqat nasabiga ishonish ham yaxshilikka olib kelmaydi. Ota‑ona, bobo-momolari yaxshi odamlar bo‘lsa, juda ham yaxshi, lekin ular o‘z uylarida qoladilar, kuyovnikiga kelinning o‘zi keladi. Agar kelin dindor bo‘lmasa, nasabi bilan faxrlanib, kuyovni va uning yaqinlarini xijolat qilishi mumkin.
Jamol ham o‘z holicha yaxshi narsa. Lekin bu ham o‘tkinchidir. Ma’lum muddatdan keyin har qanday insonning jamoli o‘zgarishi turgan gap. Buning ustiga faqat jamolga suyanib ish qilish ham yaxshilikka olib bormaydi. Agar kelin o‘zining jamoli uchun qiziqilayotganini bilsa, bu omilni kuyovni o‘ziga mubtalo qilib, uning ustidan hukmronlik qilishga ishlatishi hech gap emas.
Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dindor kelinni ixtiyor qilishga buyurmoqdalar. Dindorlik haqiqiy va bardavom go‘zal sifatdir. Buning ustiga dindorlik sifati vaqt o‘tishi bilan ziyoda bo‘ladigan nodir sifatlardan biridir. Kelin dindor bo‘lsa, kuyovni va uning yaqinlarini hurmat qiladi, oilaning haqiqiy ustuni va porlab turgan chirog‘i bo‘ladi. Undan dunyoga kelgan, uning tarbiyasini olgan farzandlar ham ajoyib insonlar bo‘lib yetishadilar, insha Alloh.
Dindor kelin shariat ko‘rsatmasi bo‘yicha oiladagi o‘z burch va mas’uliyatlarini to‘liq ado etib yashaydi.
Dindorlik haqiqiy boylikdir!
Dindorlik haqiqiy hasab va nasabdir!
Dindorlik haqiqiy go‘zallikdir!
Shuning uchun ham qizlarimizni dindor qilib tarbiyalashga urinishimiz kerak. Shuning uchun kelin tanlaganimizda dindor kelin tanlashimiz lozim.
2. Solihalik.
عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْرٍو رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِنَّ الدُّنْيَا كُلَّهَا مَتَاعٌ، وَخَيْرُ مَتَاعِ الدُّنْيَا الْمَرْأَةُ الصَّالِحَةُ. رَوَاهُ النَّسَائِيُّ وَمُسْلِمٌ
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar:
“Dunyoning hammasi mato’dir va dunyoning eng yaxshi mato’i soliha ayoldir”.
Nasaiy va Muslim rivoyat qilganlar.
“Mato’” so‘zi “bahra olinadigan narsa” degan ma’noni bildiradi.
Ushbu hadisi sharifda bu dunyodagi narsalarning hammasi ham “mato’” ekani, ularning ichida eng yaxshisi soliha ayol ekani haqida so‘z ketmoqda. Bu bilan ahli solih bo‘lish juda ham yaxshi ekani, ayollarning ichida ham eng afzali solihasi bo‘lishi ta’kidlanmoqda.
“Solih inson” degani shariat tomonidan buyurilgan amrlarni bajarib, qaytariqlardan qaytadigan va o‘z ixtiyori ila qo‘shimcha nafl amallar qiladigan inson deganidir.
Solihlik fasod va yomonlikning teskarisidir.
Solihlik bandaning xilqatida ham, qiladigan amalida ham bo‘ladi. “Sulh” so‘zi ham “saloh”dan olingan bo‘lib, kishilar orasidagi buzilgan muomalalarni tuzatish ma’nosida ishlatiladi.
Solihlik dunyo va oxirat ishlarida yaxshi bo‘lishni anglatadi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning dunyoning eng yaxshi mato’i soliha ayoldir, deganlari aynan mana shu ma’nolarni o‘z ichiga oladi.
Demak, kelin tanlash vaqtida kelinning soliha bo‘lishiga e’tibor berish kerak. Bu esa, yaratilishda ham, xulqu odob va boshqa sifatlarda ham yetuk bo‘lishdir.
Kelinning shariat ko‘rsatmalarini bajaribgina qolmay, nafl ibodat va yaxshi amallar ham qilishi o‘zida solihalikni mujassam qilishiga qarab bo‘lar ekan.
3. Bolaga mehribon va erga rioyali bo‘lish.
عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْرٍو صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: خَيْرُ نِسَاءٍ رَكِبْنَ الْإِبِلَ صَالِحُ نِسَاءِ قُرَيْشٍ أَحْنَاهُ عَلَى وَلَدٍ فِي صِغَرِهِ، وَأَرْعَاهُ عَلَى زَوْجٍ فِي ذَاتِ يَدِهِ. رَوَاهُ الشَّيْخَانِ
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi va sallam:
“Tuya mingan ayollarning eng yaxshisi Qurayshning soliha ayollaridir. Bolaga kichikligida eng shafqatlidir. Erga uning qo‘lidagi narsasi xususida eng rioyalidir”, – dedilar”.
Ikki Shayx rivoyat qilganlar.
“Tuya mingan ayollar” deganda Arabiston yerlarida yashaydigan arab ayollari ko‘zda tutilgan. O‘sha ayollar ichida Quraysh qabilasiga mansub ayollar eng yaxshi ayollar hisoblanar ekan. Ularning yaxshi nom olishlariga sabab esa, kichik bolalarga o‘ta mehribonliklari va erlarini o‘ta rioya qilishlari ekan. Ayniqsa, ular erlarining molu mulklarini yaxshilab muhofaza qilishar ekan.
Darhaqiqat, bu sifatlar har bir ayol uchun o‘ta zarur sifatlardir. O‘z bolasiga mehribon bo‘lmagan, uni keragicha avaylab-asrab katta qilmaydigan ayolni kim ham yaxshi ayol deya oladi. Unday bemehr ayolning oilasida bolalar mehrsiz, odobsiz, axloqsiz bo‘lib o‘sadilar. Bu esa, oila uchun, oila boshlig‘i uchun katta musibatdir.
Shuningdek, erining rioyasini qilmagan ayoldan qanday yaxshilik kutish mumkin? Xususan, erining mol-mulkini muhofaza qilmagan, avaylab-asramagan ayoldan boshqa yaxshiliklarni kutish mumkinmi?
Ushbu hadisi sharifdan ibrat olib, kelin tanlayotgan vaqtda uning urug‘idagi ayollarning qarindosh bolalarga qanday qarashlari, erlarini qanday rioya qilishlariga razm solish, so‘rab-surishtirish kerak bo‘ladi. Agar kelin dindorlik, solihalik ustiga bu sifatlarni ham o‘zida mujassam qilgan bo‘lsa, u eng ma’qul, munosib kelindir.
4. Qiz bo‘lishi.
عَنْ جَابِرٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: تَزَوَّجْتُ، فَقَالَ لِي رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مَا تَزَوَّجْتَ؟ فَقُلْتُ: ثَيِّبًا، فَقَالَ: مَا لَكَ وَلِلْعَذَارَى وَلِعَابِهَا. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Uylandim. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam menga:
“Qandayiga uylanding?” dedilar.
“Juvonga”, dedim.
“Bokira qiz olib, u bilan ko‘ngil yozsang bo‘lmasmidi?” dedilar”.
Beshovlari rivoyat qilganlar.
Ushbu hadisdan bokira qizga uylanish afzal ekani kelib chiqadi.
5. Muhabbatli va serfarzand bo‘lishi.
عَنْ مَعْقِلِ بْنِ يَسَارٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: جَاءَ رَجُلٌ إِلَى النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، فَقَالَ: يَا رٍَسُولَ اللهِ، أَصَبْتُ امْرَأَةً ذَاتَ جَمَالٍ وَحَسَبٍ، وَإِنَّهَا لَا تَلِدُ أَفَأَتَزَوَّجُهَا؟ قَالَ: لَا، ثُمَّ أَتَاهُ الثَّانِيَةَ فَنَهَاهُ، ثُمَّ أَتَاهُ الثَّالِثَةَ، فَقَالَ: تَزَوَّجُوا الْوَدُودَ الْوَلُودَ، فَإِنِّي مُكَاثِرٌ بِكُمُ الْأُمَمَ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ وَالْحاَكِمُ وَصَحَّحَهُ
Ma’qal ibn Yasor roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib:
“Ey Allohning Rasuli! Bir jamolli va nasabli ayol topdim. Ammo tug‘mas ekan. Unga uylanaveraymi?” dedi.
“Yo‘q”, dedilar. Keyin u zotga ikkinchi marta keldi. Yana qaytardilar. So‘ngra uchinchi marta kelganida:
“Eriga muhabbat qiladigan va ko‘p tug‘adigan ayolga uylaninglar. Men boshqa ummatlarga sizlarning ko‘pligingizni ko‘z-ko‘z qiluvchiman”, dedilar”.
Abu Dovud, Nasaiy rivoyat qilganlar. Hokim sahih, degan.
Bu hadisi sharifdan eriga muhabbat qiladigan va ko‘p tug‘adigan ayolga uylanish kerakligi anglanadi.
Kelinlikka nomzodning bu kabi sifatlari unga yaqin qarindosh bo‘lgan ayollarning holini o‘rganish bilan bilinadi. Unga yaqin qarindosh ayollar odatda eriga muhabbat qiladigan, ko‘p tug‘adigan bo‘lsalar, ularning zotida bo‘lgan yoshlar ham ko‘pincha o‘sha sifatlarga ega bo‘ladilar.
Ushbu hadisdan olinadigan foydalardan eng asosiysi uylanishdan oldin ahli fazl, ilmli kishilardan maslahat so‘rashning yaxshiligidir.
6. Surur bag‘ishlash, itoatkor bo‘lish va xilof qilmaslik.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ قِيلَ: يَا رَسُولَ اللهِ، أَيُّ النِّسَاءِ خَيْرٌ؟ قَالَ: الَّتِي تَسُرُّهُ إِذَا نَظَرَ، وَتُطِيعُهُ إِذَا أَمَرَ، وَلَا تُخَالِفُهُ فِي نَفْسِهَا وَلَا مَالِهَا بِمَا يَكْرَهُ. رَوَاهُ أَصْحَابُ السُّنَنِ
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Yo Rasulalloh, ayollarning qandog‘i eng yaxshisidir”, – deyildi.
“Qachon nazar solsa, surur bag‘ishlaydigani. Qachon amr qilsa, itoat qiladigani va eriga o‘z jonida va molida u yoqtirmaydigan narsa ila xilof qilmaydigani”, – dedilar”.
“Sunan” egalari rivoyat qilganlar.
Ushbu hadisi sharifda er uchun eng yaxshi xotinning ba’zi sifatlari haqida so‘z ketmoqda:
1. “Qachon nazar solsa, surur bag‘ishlaydigani”.
Demak, er nazar solsa, ko‘nglini xursand qiladigan ayol eng yaxshi ayollar-da bo‘ladigan sifatlarga ega bo‘lar ekan.
Bu ta’rif ayolning tashqi qiyofasi, kiyinishi, o‘zini tutishi va axloq-odobi kabi narsalarni o‘z ichiga oladi. Eng yaxshi ayol bo‘lish umididagi qizlarimiz, ayollarimiz ushbu narsaga alohida e’tibor berishlari kerak. Kuyov va erlarining ko‘ziga doimo xursand qiladigan ravishda ko‘rinishga harakat qilishlari lozim.
2. “Qachon amr qilsa, itoat qiladigani”.
Erga itoatkor bo‘lish ayollarning eng go‘zal, eng yaxshi sifatlaridan biridir.
Albatta, bu yerda shar’iy ruxsat berilgan ishlar doirasidagi itoatkor-lik haqida so‘z ketmoqda. Gunoh ishlarda itoat qilish mumkin emas. Chunki Xoliqqa ma’siyat bo‘ladigan ishlarda maxluqqa itoat qilinmaydi.
Er oila boshlig‘i bo‘lganidan keyin, oila a’zolari, jumladan, ayol kishi unga itoat qilishi kerak. Eriga itoatkor ayol eng yaxshi sifatlardan biriga ega bo‘lgan ayoldir.
Eriga itoat qilmaydigan ayolni yaxshi ayollar qatoriga mutlaqo qo‘shib bo‘lmaydi.
3. “Eriga o‘z jonida va molida u yoqtirmaydigan narsa ila xilof qilmaydigani”.
Boshqacha qilib aytganda, eng yaxshi ayol sifatiga sohiba bo‘lishni istagan ayol eriga yoqmaydigan ishlarni qilmasligi kerak. Chunki shu xilof tufayli oilada urush-janjal chiqishi, er‑xotinning halovati yo‘qolishi, hatto oila buzilib ketishi ham mumkin.
Yana, ayol kishi o‘z molini eri yomon ko‘radigan narsalarga sarflamasligi kerak. Ana shunda eng yaxshi ayollarning yana bir sifatiga ega bo‘ladi.
Ushbu hadisda zikr qilingan uch sifatni o‘zida mujassam qilgan ayol eng yaxshi ayollardan bo‘lishiga shubha yo‘q.
Mo‘mina-muslima ayol-qizlarimiz ushbu hadisi nabaviyda zikr etilgan oliymaqom sifatlarni o‘zlarida mujassam qilishga harakat etishlari lozim. Shu bilan birga, jajji qizchalarimizni yoshliklaridan ana shunday go‘zal sifat sohibalari etib tarbiya qilmog‘imiz zarur.
Ulamolarimiz barcha hujjat va dalillarni o‘rganib chiqib hamda boshqa omillarni hisobga olib, munosib kelin tanlashda quyidagi narsalarga e’tibor berish kerakligini ta’kidlaganlar:
1. Dindorlik.
2. Serfarzandlik. Bu sifat qarindosh-urug‘ ayollarga qarab bilinadi.
3. Avval turmush qurmagan bo‘lishi.
4. Dindor va qanoatli oiladan bo‘lishi.
5. Nasabi yaxshi bo‘lishi.
6. Husnli bo‘lishi. Shunda erning ko‘ngli to‘q bo‘ladi, muhabbat qo‘yadi, boshqalarga qaramaydi.
7. Qarindoshlardan bo‘lmasligi. Qarindoshga uylansa, bolalari zaifhol bo‘lish ehtimoli kuchli. Yana, Alloh ko‘rsatmasin, kelishmovchilik bo‘lib qolsa, qarindoshlik aloqalariga zarar yetishi ham mumkin. Begonadan bo‘lsa, bolalar zaifhol bo‘lmaydi. Kuyov-kelinning bahonasi bilan ularning qarindosh-urug‘lari ham quda-anda bo‘ladilar, ijtimoiy aloqalar rivojlanadi.
8. Bir xotindan ziyoda qilmaslik. Chunki ko‘pxotinlilikning mashmashasi ham ko‘p bo‘ladi, shartlarini bajo qilish ham oson emas.
Manba: azon. uz
