Moskva yangi Suriyaga ilk tashrifini tayyorlayaptimi?

Rossiya prezidentining Yaqin Sharq va Afrika bo‘yicha maxsus vakili Mixail Bogdanov Asad rejimi qulaganidan keyin Damashqqa tashrif buyurgan birinchi rossiyalik rasmiy bo‘lishi mumkin. Biroq, diplomatik manbaning "Asharq al-Avsat"ga aytishicha, tashrif sanasi hali aniqlanmagan va dastlab rejalashtirilgan safar keyinroq muddatga qolishi mumkin.
Tashrif Rossiya harbiylarining Suriyadagi mavjudligi bilan bog‘liq noaniqlik fonida tayyorlanmoqda. Avvalroq OAV qurol va texnikani evakuasiya qilish uchun mo‘ljallangan Rossiyaning Sparta II kemasiga 5 yanvardan boshlab Rossiya Federasiyasining yagona xorijiy harbiy-dengiz bazasi joylashgan Tartus portiga kirish taqiqlangani haqida xabar berilgan edi. 23-dekabr kuni Ursa Major yuk kemasi O‘rta er dengizida cho‘kib ketdi, Ukraina razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, u ham Rossiya harbiy texnikasini olib chiqish uchun Suriyaga ketayotgan edi.
14 yanvar kuni Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Moskva Suriyaning yangi rahbariyati bilan hamkorlik qilishga tayyorligini ma’lum qildi. “Bizning elchixonamiz Damashqni tark etgani yo‘q, ular har kuni aloqada bo‘lib turadi, biz vaziyatni normallashtirish bo‘yicha sa’y-harakatlarda foydali bo‘lishga tayyormiz”, dedi vazir.
Avvalroq Bogdanovning o‘zi RT Arab telekanaliga bergan bayonotida Rossiya va Suriya o‘rtasidagi munosabatlar bugungi kunda “sifat jihatdan yangi burilish nuqtasiga kirayotgani va har ikki tomon ham rus va suriyalik xalqlar o‘rtasidagi chuqur do‘stlik merosidan foydalanishi kerakligini” ta’kidlagan edi.
Ertasi kuni, 15 yanvar kuni Lavrov Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vazirligi rahbari bilan Suriyadagi vaziyatni muhokama qildi. Vazirlar “barcha siyosiy kuchlar va etno-konfessiyaviy guruhlar ishtirokida inklyuziv Suriyalararo muloqotni yo‘lga qo‘yish” tarafdori bo‘lishdi.
Eslatib o‘tamiz, bungacha Turkiya, AQSH, Germaniya, Fransiya va Fors ko‘rfazidagi arab davlatlaridan delegasiyalar Damashqqa tashrif buyurgan.