Messining mundialdagi missiyasi tugaydimi?

Messining mundialdagi missiyasi tugaydimi?

Bugun har doimgidan-da shiddatliroq bahslarning guvohiga aylanamiz.

Dastlab Toshkent vaqti bilan soat 17:00 da Daniya Avstraliyaga qarshi maydonga chiqadi. Mazkur o‘yinda daniyaliklar g‘alaba sari intilishlari tayin. Chunki bu g‘alaba terma jamoa uchun keyingi bosqich eshiklarini ochadi. O‘z navbatida Avstraliya ham hali umidini uzgani yo‘q. Fransiyaga qarshi ajoyib o‘yin o‘tkazgan yashil qit’a vakillari Daniyaga ham osonlikcha taslim bo‘lmasligi tayin.

Soat 20:00 start oladigan Fransiya — Peru to‘qnashuvi ham murosasiy kechadi. Didye Desham shogirdlari ham xuddi Daniya kabi zafar quchib, keyingi bosqich masalasini muddatidan oldin hal qilishga urinib ko‘rishadi.

Eng murosasiz o‘yin kechqurun soat 23:00 da boshlanadi. Hamyurtimiz Ravshan Ermatov boshqaradigan mazkur o‘yinda Xorvatiya va Argentina terma jamoalari o‘zaro maydonga tushishadi.

Xorvatiyada ayni damda 3 ochko bor va Yevropa qit’asi vakillari Argentinaga qarshi o‘yinda hech bo‘lmaganda durangga harakat qilishadi. Eng qizig‘i, Argentinani durang ham qanoatlantirmaydi. Chunki Islandiyaga qarshi o‘yinda durangga imzo chekkan Amerika qit’asi vakillari bu safar g‘alaba qozonishga majbur. Bordiyu durang natija qayd etilgudek bo‘lsa, Messining jamoadoshlari qiyin vaziyatda qolishadi. Boisi Nigeriya — Islandiya o‘yinida zafar quchgan jamoa ikkinchi o‘ringa ko‘tariladi. Oxirgi turda Xorvatiya Islandiya bilan, Argentina esa Nigeriya bilan o‘ynaydi. Agar bugun Argentina yengilib, Islandiya Nigeriyani yenga olsa, oxirgi turda Islandiya Xorvatiya bilan durang qayd etsa ham keyingi bosqichga chiqadi. Argentina esa uchinchi o‘rinda qolib ketadi. Xullas, bugun Argentinani faqat va faqat g‘alaba qanoatlantiradi, xorvatlar esa mag‘lubiyatga uchrashni istashmaydi. Demak, shiddatli o‘yin guvohi bo‘lamiz. Ko‘ramiz, bugun Messining jahon chempionati missiyasi qay tomonga o‘zgararkin?


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!