Markaziy bank “Banklardagi omonatlarni himoyalash kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni loyihasiga sharh berdi
Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi tomonidan “Banklardagi omonatlarni himoyalash kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi. (https://imageup.ru/img59/4886711/sharh333.jpg)
Qonun loyihasida kafolatlangan omonat miqdorining yuqori chegarasini bir bankda bir omonatchiga 200 mln so‘m miqdorida belgilash nazarda tutilmoqda.
Qayd etilishicha, bunda fuqaro 200 mln so‘mdan ko‘proq mablag‘ini bir nechta bankda joylashtirgan holda har bir bankdagi 200 mln so‘mdan mablag‘i bo‘yicha kafolatga ega bo‘lishi mumkin.
▪️Aholiga qo‘shimcha ravishda tadbirkorlik sub’ektlarining ham banklardagi mablag‘lari kafolatlanishi belgilanmoqda.
Bunda kafolatlangan omonat miqdorining yuqori chegarasi
200 mln so‘m qilib belgilanishi natijasida banklarda omonati mavjud aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining 99,7 foizi to‘liq qamrab olinadi.
Ma’lumot uchun: Dunyo bo‘yicha ushbu ko‘rsatkich – 92 foizni tashkil etadi.
❗️Bundan tashqari, qonun loyihasida belgilangan kompensasiya miqdori fuqarolarning ushbu Qonun kuchga kirgan sanadan oldin ochilgan omonatlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Izoh: 2008 yildagi moliyaviy inqirozlarning salbiy oqibatlarini minimallashtirish maqsadida omonatlarni to‘liq hajmda kafolatlash amaliyoti bir qancha mamlakatlarda vaqtincha qo‘llanilgan (Avstraliya, Malayziya, Vengriya, Germaniya, Daniya, Tailand va boshqalar). Mazkur davlatlar moliyaviy inqiroz o‘tgandan keyin omonatlarni to‘liq kafolatlash tizimidan voz kechib, cheklangan miqdorda kafolatlashga o‘tgan.
2009 yilga qadar O‘zbekistonda ham aholining banklardagi omonatlari cheklangan miqdorda kafolatlangan bo‘lib, jahon moliyaviy inqiroziga qarshi kompleks choralardan biri sifatida mamlakatimizda omonatlarni to‘liq kafolatlash tizimi joriy qilingan.
Hozirda omonatlarni to‘liq kafolatlash tizimi 108 ta davlatdan faqat O‘zbekiston, Turkmaniston va Belarusda mavjud bo‘lib, boshqa davlatlarda kafolatlashning yuqori chegarasi mavjud.
▪️ Bankning lisenziyasi chaqirib olinganda omonatlarni qaytarishni boshlash muddati bosqichma-bosqich 7 ish kunigacha qisqartirilmoqda.
Amaldagi tartib bo‘yicha ushbu qaytarish muddati 2 oy 23 kunni tashkil etib, yangi Qonun kuchga kirganda 20 ish kuni, 2026 yil 1 yanvardan – 15 ish kuni, 2027 yil 1 yanvardan – 7 ish kuni doirasida amalga oshiriladi.
▪️ Kafolatlash fondi mablag‘larining maqsadli ko‘rsatkichi omonat bazasiga nisbatan 5 foiz etib belgilanmoqda.
▪️ Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi negizida Omonatlarni kafolatlash agentligi tashkil etilib, uning vakolatlari kengaytirilmoqda.
▪️ Bank bankrotlikka uchragan taqdirda, omonatchilar mablag‘lari Agentlik tomonidan qoplab berilishini inobatga olib, ularning bankdan talab qilish huquqi Agentlikka o‘tkazilmoqda (subrogasiya).
⏺Qonun loyihasi qabul qilinishi:👇
▫️bank tizimi barqarorligini ta’minlash orqali aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining mablag‘lari but saqlanishi va bank lisenziyasi chaqirib olinganda omonatchilarga mablag‘lar tezkorlik bilan to‘lab berilishi ta’minlanadi;
▫️omonatlar (depozitlar) bozorida “nosog‘lom” muhitning shakllanishini kamaytirishga xizmat qiladi.