Marhumning «qirq»i, «yil»i deb osh berish shariatda bormi?

Marhumning «qirq»i, «yil»i deb osh berish shariatda bormi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym. Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin. Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Savol:

Biz tarafda biron kishi o‘lsa, mayitni ko‘mishdan oldin janozaga kelgan kishilarga 500 so‘m, 1000 so‘m, 3000 so‘mdan pul berishadi. Keyin 3-4 kundan so‘ng «etti» deb qishloqqa osh beradi. Yana «qirq», «yil» deb osh berishadi, shu ishlar shariatda bormi? O‘sha oshlarga qatnashib, yeb-ichish mumkinmi-yo‘qmi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym

Mayyitni ko‘mishdan oldin janozaga kelganlarga pul berish shariatda yo‘q. Shuningdek, «etti», «yigirma», «qirq» va «yil» deb nomlanadigan marosimlar ham shariatda yo‘q. Ammo o‘lganning nomidan, savobini unga bag‘ishlab sadaqa qilish bor. Bunda kun sanalmaydi. Yetimlarning rizqiga zarar yetkazilmaydi. Tiriklarni qiynash darajasida bo‘lmaydi. Bu kabi sadaqalar majburiy emas. O‘zidan orttirganda, bemalol vaqtida, bid’at-xurofotni aralashtirmay, riyokorlikdan qochib va iloji boricha muhtojlarga foyda beradigan qilib ado etilsa yaxshi bo‘ladi.

Shu bilan birga, vafot etganlarga atalgan sadaqa albatta taom bo‘lishi shart emas. Muhtoj mo‘min-musulmonlarga qilinadigan har bir yordam sadaqa bo‘laveradi.

Bu ma’noda «Sharhi Aqiydati Tahoviya» kitobida quyidagilar kelgan:

«Tiriklarning duo va sadaqalaridan o‘lganlarga manfaat bordir».

Sharh: Ahli sunna val jamoa o‘lganlar tiriklarning amallaridan ikki yo‘l bilan manfaat olishlariga ittifoq qilganlar.

Birinchisi: O‘lgan odam tirikligida qilgan amalidan (ya’ni tiriklik chog‘ida oxirati uchun qilgan ishlari o‘lganidan keyin o‘ziga manfaat yetishiga sabab bo‘ladi).

Ikkinchisi: Musulmonlarning uning haqqiga qilgan duolari va aytgan istig‘forlari. Uning nomidan qilingan sadaqalari va hajlari.

Badaniy ibodatning savobi o‘lganga yetadimi-yo‘qmi, degan masalada ixtilof bo‘lgan. Badaniy ibodat ro‘za, namoz, Qur’on qiroati va zikrga o‘xshagan narsalardan iborat.

Abu Hanifa, Ahmad ibn Hanbal va jumhur (ko‘pchilik): «Badaniy ibodat savobi o‘lganga yetadi» deganlar.

Shofe’iy mazhabi ulamolari va Imom Molik yetmaydi, deydilar.

O‘lganga o‘zidan boshqaning amali savobi yetishiga dalil Qur’onda, Sunnatda, Ijmo’da va Qiyosda bordir:

Qur’ondan dalil:

«Ulardan keyin kelganlar: «Ey Robbimiz, bizni va bizdan oldin iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin», derlar» (Xashr surasi, 10-oyat).

Alloh taolo ushbu oyatda o‘zlaridan oldin o‘tgan mo‘minlarga mag‘firat so‘raganlarni madh qilmoqda. Bu esa o‘lganlar tiriklarning istig‘foridan manfaat olishiga dalolat qiladi.

Sunnatdan dalil:

Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘lik dafn qilinib bo‘lganidan keyin ustida turib: «Birodaringizga istig‘for aytinglar. Unga sobitlik so‘ranglar. Chunki u hozir so‘roq qilinadi», der edilar».

Abu Dovud rivoyat qilgan.

Shuningdek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan qabrlarni ziyorat qilgan vaqtda o‘lganlarga duo qilish haqida hadislar kelgan.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam maqbaraga keldilar va:

«Assalomu alaykum dora qavmim mo‘miniyn. Va inna inshaallohu bikum lahiqun», dedilar».

Ahmad, Muslim, Abu Dovud va Nasoiy rivoyat qilishgan.

Ijmo’dan dalil:

Islom ummatining e’tiborli asosiy qismi jam bo‘lib, o‘lganga janoza namozidagi duoni dalil qilib, «O‘lgan kimsa tiriklarning duosidan manfaat oladi», deganlar. Janoza namozidagi duolar ma’lum va mashhurdir.

Qiyosdan dalil:

Badaniy ibodat bo‘lmish duo o‘lganga manfaat berganidan keyin, ro‘za, namoz kabi boshqa badaniy ibodatlar ham manfaat berishi turgan gap. Chunki orada farq yo‘q. Buning ustiga, boshqa badaniy ibodatlar ham manfaat berishi haqida hujjat va dalillar bor.

Manba: islom.uz

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!