Mamlakatimizning 4 hududida kredit mablag‘larini talon-toroj qilish holatlari aniqlandi

Mamlakatimizning 4 hududida kredit mablag‘larini talon-toroj qilish holatlari aniqlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departament organlari tomonidan banklarning komplayens-nazorati tuzilmalari bilan hamkorlik doirasida pul mablag‘larining talon-toroj qilinishi bo‘yicha aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan o‘z vaqtida qonuniy choralar ko‘rilmoqda.

Xususan, Departamentning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “B.S.” MCHJ mansabdor shaxslari hududiy tijorat banki filialidan chorvachilikni rivojlantirish uchun ajratilgan kredit mablag‘larining 3,3 mlrd so‘mini boshqa maqsadlarda sarflab, talon-toroj qilganligi aniqlangan.

Shu kabi, Departamentning Hazorasp tuman bo‘limi tomonidan hududiy tijorat banki filialining murojaatiga asosan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “Sh.A.” va “H.M.” MCHJlar mas’ul shaxslari va boshqalar o‘zaro til biliktirib, parranda va ozuqa yemi sotib olish uchun “Sh.A.” MCHJga ajratilgan 2 mlrd so‘m kreditni “H.M.” MCHJga o‘tkazish orqali naqdlashtirib olib talon-toroj qilganligi aniqlangan.

Departamentning Pop tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “S.S.” MCHJ rahbari M.X. va ish yurituvchisi O‘.M. hududiy tijorat banki filialidan MCHJga ayollar go‘zallik saloni va fitnes sport to‘garagini tashkil etish uchun ajratilgan imtiyozli kredit evaziga harid qilingan sport anjomlari va jihozlarini sotib yubrishib, jami 1,2 mlrd so‘m kredit mablag‘ini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Departamentning G‘uzor tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa, fuqaro R.K. yaqin qarindoshi SH.X.ning nomidan “N.S.” dehqon xo‘jaligini davlat ro‘yxatidan o‘tkazib, chorva mollarini ko‘paytirish va yilqichilik faoliyatini amalga oshirish, zotdor otlar sotib olish hamda ko‘paytirish uchun bank filialidan ajratilgan 700 mln imtiyozli kredit mablag‘ini boshqa maqsadlarda sarflab, talon-toroj qilganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkzilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!