Maktablarda nega rus tili o‘qituvchilari yetishmasligi sabablari aytildi

Maktablarda nega rus tili o‘qituvchilari yetishmasligi sabablari aytildi

Ma’lumki, Respublikamizdagi umumta’lim maktablarida rus tili fanidan va rus sinflarida malakali pedagogik kadrlar yetishmasligi bo‘yicha ko‘plab murojaatlar bo‘lmoqda. Mazkur masalaga Xalq ta’limi vazirligi aniqlik kiritdi.

Unga ko‘ra, haqiqatdan ham, Toshkent shahri va ayrim viloyat markazlarida ta’lim rus tilida olib boriladigan umumta’lim maktablarida malakali pedagog kadrlar yetishmaydi. Jumladan, Toshkent shahrida ta’lim rus tilida olib boriladigan umumta’lim maktablarida 167 nafar pedagog kadrlarga ehtiyoj mavjud. Shu sababli ayrim holatlarda ushbu maktablarda mutaxassis yetishmasligi sababli dars mashg‘ulotlarini talab darajasida tashkil etishda kamchiliklar uchrab turibdi.

Respublika miqyosida umumiy o‘rta ta’lim maktablarida bir o‘qituvchiga o‘rtacha o‘quvchi soni 12,3 nafar bo‘lsa, ta’lim rus tilida olib boriladigan maktablarda bu ko‘rsatkich 25,6 nafarni tashkil qiladi. 

Bundan tashqari, Toshkent shahri va boshqa joylarda umumta’lim muassasalari rahbarlarining e’tiborsizligi tufayli ta’lim rus tilida olib boriladigan maktab va sinflarda mutaxassis o‘qituvchilar va darsliklar yetishmasligiga qaramay, ota-onalar talab-istaklari asosida o‘quvchi va sinflar soni yildan-yilga ortib bormoqda.

Bu muammoni bartaraf etish maqsadida Davlat qabul komissiyasi tomonidan ta’lim rus tilidagi yo‘nalishlarga abituriyentlarni qabul qilish parametrlarini Xalq ta’limi vazirligi buyurtmasi asosida manzilli belgilash, ta’lim rus tilida olib boriladigan umumta’lim maktablari uchun ehtiyoj mavjud bo‘lgan fan yo‘nalishlariga qabul kvotalarini ko‘paytirish, respublika miqyosida ta’lim rus tilida olib boriladigan barcha umumta’lim maktablarining pedagog kadrlar salohiyati va o‘quvchilar bilim darajasini chuqur o‘rganib chiqib, talabga javob bermaydigan maktab va sinflar sonini kamaytirish va shu asosda strategiyani belgilash takliflari kiritilmoqda.

Bundan tashqari, Xalq ta’limi vazirining “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini malakali pedagog xodimlar bilan ta’minlashni takomillashtirish to‘g‘risida”gi 142-sonli buyruqning 2-bandi bilan “Xalq ta’limi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalari pedagog xodimlari lavozimlariga nomzodlarni tanlash, tavsiya etish va tayinlash tartibi to‘g‘risidagi Nizom” tasdiqlangan. Shunga ko‘ra, 

Maktab direktori tomonidan o‘quv fanlari bo‘yicha bo‘sh (vakant) pedagog xodimlar lavozimlariga bir yoki bir nechta nomzodlar kelishish uchun hududiy tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limiga tavsiya etiladi. 

Komissiya xulosasi va tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlarining roziligi asosida - Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari pedagog xodimlari lavozimlariga mazkur lavozimlar uchun belgilangan malaka talablariga mos ma’lumotga, bilim va tajribaga, ish stajiga va yuksak shaxsiy fazilatlarga ega bo‘lgan shaxslar umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktorlari tomonidan tayinlanadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!