Maktablar uchun zamonaviy kompyuterlar ortilgan karvon yo‘lga chiqdi

Maktablar uchun zamonaviy kompyuterlar ortilgan karvon yo‘lga chiqdi

Respublika bo‘ylab 2 029 ta maktabning sinf xonalari uchun zamonaviy kompyuter texnikalari yetkazila boshlandi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi xabar bermoqda.

Bugungi kunda vazirlik respublika byudjetidan 1 014 ta zamonaviy kompyuter sinflarini xarid qildi. Hozirda viloyatlardagi umumta’lim maktablariga kompyuter texnikalari ortilgan karvonda bosqichma-bosqich yetkazib berilmoqda.

“Ushbu kompyuterlarga dasturlashga oid zamonaviy dasturiy tizimlar, vazirlik tomonidan ishlab chiqilgan ta’lim resurslari Maktab.uz, Kitob.uz, Edukids, Smartland kabi elektron ta’lim platformalari va boshqa ta’lim resurslari o‘rnatilmoqda”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari tomonidan mahalliy byudjet hisobidan 1 015 ta umumta’lim maktablariga kompyuter sinflarini yetkaziladi.

Ma’lumot uchun, prezident imzolagan “Xalq ta’limini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorga ko‘ra, 2023−2024-yillarda maktablarda ma’nan eskirgan kompyuter sinflarini yangilash uchun respublika va mahalliy byudjetlardan umumiy hisobda 400 mlrd so‘m ajratiladi.

Yangi o‘quv yilidan 400 nafargacha o‘quvchisi bo‘lgan maktablarda internet tezligi kamida 40 Mbit/s, o‘quvchilar soni 400 nafardan ko‘p bo‘lsa — kamida 100 Mbit/s etib ta’minlanadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!