Mahalla tomonidan yolg‘iz yashovchi nogironlarga har oy beriladigan oziq-ovqat mahsulotlari ro‘yxati
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi matbuot kotibi Saodat Boymirzayeva AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda fuqarolardan kelib tushgan savollarga javob berdi.
Murojaatlardan birida 62 yoshli fuqaro yolg‘iz yashashi, yaqinda baxtsiz voqea sababli nogiron bo‘lib qolganini aytib, yolg‘iz yashovchi nogironlarga mahalla tomonidan har oy beriladigan oziq-ovqat mahsulotlari nimalardan iborat ekani, ularni olish uchun kimga murojaat qilishi kerakligini so‘ragan.
«O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 10 avgustdagi «Keksalar va nogironlarni manzilli ijtimoiy himoya qilish va qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 237-sonli qarori 2 ilovasida keltirilgan Nizom talablariga ko‘ra, yolg‘iz yashaydigan hamda yolg‘iz keksalar va nogironlarni aniqlash fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda tibbiyot birlashmalari tomonidan xonadonlarni birma-bir aylanib chiqish, jismoniy yoki yuridik shaxslar tomonidan yozma, og‘zaki yoki elektron shaklda berilgan ma’lumotlar hamda keksalar va nogironlarning mustaqil ravishdagi murojaatlari asosida amalga oshiriladi.
O‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashaydigan keksalar va nogironlar toifasiga 60 yoshga yetgan erkaklar, 55 yoshga yetgan ayollar hamda I va II guruh nogironlari kiritilishi ko‘zda tutilgan.
Yuqorida keltirib o‘tilgan Qarorning 1-ilovasida o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar va nogironlarni bepul ta’minlash uchun asosiy oziq-ovqat mahsulotlari va gigiyena tovarlar ro‘yxati keltirib o‘tilgan. Ular quyidagilar:
- 3 kg un;
- 1 kg guruch;
- 0,5 kg grechka yormasi;
- 0,5 kg makaron;
- 1 kg mol go‘shti;
- 1 kg xonaki parranda go‘shti;
- 200 gramm sariyog‘;
- 15 dona tuxum;
- 1 kg qand yoki shakar;
- 1 litr o‘simlik yog‘i;
- 200 gramm quruq choy;
- 100 gramm atir sovun;
- 200 gramm kir sovun;
- 150 gramm kir yuvish poroshogi;
- 8 dona katta yoshdagilar uchun taglik gazmol.
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 maydagi 307-son qaroriga asosan, karantin vaqtida qo‘shimcha ravishda quyidagi mahsulotlar ham berilishi nazarda tutilgan:
- 10 dona bir marta ishlatiladigan steril niqob;
- 10 dona bir marta ishlatiladigan steril qo‘lqop;
- 250 millilitr suyuq yoki gel holidagi antiseptik;
- 100 gramm antibakterial sovun.
Sizga mazkur oziq-ovqat va boshqa zarur mahsulotlarni olish uchun o‘zingiz yashab turgan fuqarolar yig‘iniga o‘rnatilgan tartibda murojaat qilishingiz tavsiya etiladi», dedi Saodat Boymirzayeva.