Madaniyat va turizm vazirligi «Yosh vokal ijrochilari» respublika ko‘rik-tanlovini e’lon qildi

Madaniyat va turizm vazirligi «Yosh vokal ijrochilari» respublika ko‘rik-tanlovini e’lon qildi

Madaniyat va turizm vazirligi 2023 yilning 25 fevral – 1 mart kunlari «Yosh vokal ijrochilari» respublika ko‘rik-tanlovini e’lon qildi.

Tanlovda bolalar va san’at maktablari o‘qituvchilari, ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari, maktab-internatlar, musiqa va san’at kollejlari, oliy ta’lim muassasalarining talabalari, o‘qituvchilari, badiiy va ijodiy jamoalarning ijrochilari (1-guruh 16-22 yosh, 2-guruh 22-32 yosh) ishtirok etishi mumkin. Maqsad O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Opera va balet san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2021 yil 27 dekabrdagi PQ-64-son qarori ijrosini ta’minlash hamda opera san’atini yanada yuksaltirish, opera san’ati ijrochilarining mahorati, iste’dodi va qobiliyatini namoyon etish, ularning ijrochilik ko‘nikmalarini yanada rivojlantirish, milliy san’atimizni dunyo sahnalariga olib chiqish, iqtidorli yoshlarni rag‘batlantirish hamda ularning ijodini keng targ‘ib qilish, opera san’ati ijrochiligining ijro imkoniyatlarini oshirish va ularning o‘ziga xos xususiyatlari bilan ommani tanishtirishdir.

Tanlovda ishtirok etishni istagan ijrochilar 2023 yil 20 fevralga qadar Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatriga quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari lozim:

– tanlovda ishtirok etish uchun ma’lumotnoma (rezyume);
– 3x4 sm o‘lchamdagi 2 ta va 9x12 sm o‘lchamdagi 2 ta rangli fotosurat;
– tanlovda ishtirok etish uchun ijro dasturi.

Ishtirokchilarning tanlov davomidagi ijro etish navbati belgilangan tartibda qur’a tashlash orqali aniqlanadi va ushbu tartib tanlov yakuniga qadar saqlab qolinadi.

Asarlar yoddan ijro etiladi. Barcha asarlar nufuzli hay’at a’zolari tomonidan ko‘rib chiqiladi. Tanlov saralash va yakuniy (final) bosqichdan iborat bo‘ladi.

Saralash bosqichi:

Royalda ijro. Bunda 3 ta asar ijro etilishi kerak.
1. O‘zbek kompozitorlari romansi.
2. Rus yoki Yevropa kompozitorlari operalaridan ariya (XIX-XX asr).
3. Romans (ishtirokchi tanloviga ko‘ra).

Yakuniy (final) bosqich:

Finalga saralash bosqichining umumiy natijalariga ko‘ra, 12 ta ijrochi saralab olinadi. Bunda 2 ta asar simfonik orkestr jo‘rligida ijro etiladi:
1. O‘zbek kompozitorlari operalaridan ariya.
2. Rus yoki Yevropa kompozitorlari operalaridan ariya (XIX-XX asr).

Tanlov ishtirokchilari quyidagi mezonlarga asosan baholanadi:
– ijro mahorati;
– professional tayyorgarligi;
– repertuar saviyasi;
– sahna madaniyati va artistik mahorati.

Tanlovning saralash va yakuniy bosqichlarida ishtirokchilarning ijro mahorati hakamlar hay’atining har bir a’zosi tomonidan alohida tarzda ballik tizimi bo‘yicha baholanadi.

Tanlovning saralash bosqichida umumiy ball natijalariga ko‘ra eng yuqori ball to‘plagan ishtirokchilar hakamlar hay’ati qaroriga asosan tanlovning yakuniy (final) bosqichiga o‘tkaziladi.

Hakamlar hay’ati tomonidan ishtirokchilarga qo‘yilgan ballar teng bo‘lib qolganda, hakamlar hay’ati raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Tanlovda eng ko‘p umumiy ball to‘plagan ishtirokchilar orasidan hakamlar hay’ati qaroriga asosan tanlovning Gran-pri, 1, 2, 3-o‘rin sovrindorlari aniqlanadi.

Ishtirokchilarni baholashda hakamlar hay’ati mustaqildir.

Tanlov g‘oliblari maxsus diplom, tegishli miqdorlarda pul mukofotlari bilan taqdirlanadi hamda tanlovning Gran-pri va 1-o‘rin g‘oliblari (oliy ta’lim muassasalari talabalari va o‘qituvchilaridan tashqari) mos ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha tegishli davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat qabul kvotasiga qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.

Tanlov ishtirokchilarining tanlov o‘tkazilishi belgilangan hududga kelib-ketish, mehmonxona va ovqatlanish xarajatlari o‘z mablag‘lari yoki yuborayotgan tashkilotning mablag‘lari yoxud jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hisobidan qoplanadi.

Manzil: Toshkent shahri, Mirobod tumani, Zarafshon ko‘chasi, 28-uy.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri

Murojaat uchun: (71) 233-56-09, (90)-992-64-15


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!