"London Post": Al-Xorazmiy sa’y-harakatlari bilan fanda "algoritm" va "algebra" atamalari paydo bo‘ldi
Qayd etilganidek, Al-Xorazmiy algebrani fan sifatida shakllantirdi va uni bir tizimga soldi. Uning asarlari arab tilidan lotin tiliga, keyin esa Yevropa tillariga tarjima qilingan. Ular asosida matematika darsliklari yaratildi. Al-Xorazmiy asarlari Uyg‘onish davrida ilm-fan rivojida muhim rol o‘ynab, Sharq va G‘arb mamlakatlarida o‘rta asrlar ilmiy tafakkurining rivojlanishiga samarali ta’sir ko‘rsatdi.
Buyuk matematik, astronom va geograf Muhammad al-Xorazmiy VIII asrning oxiri va IX asrning birinchi yarmida yashab o‘tgan. Al-Xorazmiy matematika, astronomiya, geografiya va tarix fanlarini chuqur o‘rgangan. Uning sa’y-harakatlari bilan fanda "algoritm" va "algebra" atamalari paydo bo‘ldi.
"Al-Xorazmiy 809 yilda Xorazmshoh saroyida xizmat qilgan, 819 yilda esa xalifa Al-Ma’mun Xorazmiyni Bag‘doddagi saroyiga jalb qilgan. Bag‘dodda al-Ma’mun otasi tomonidan asos solingan ilmiy markaz — "Bayt ul-hikma" ("Donishmandlar uyi") faoliyatini har tomonlama takomillashtiradi. Keyinchalik ushbu ta’lim muassasasiga "Ma’mun akademiyasi" nomi beriladi", – deyiladi maqolada.
Qayd etilishicha, "Donishmandlar uyi"da faoliyat yuritgan olimlar matematika, astronomiya va boshqa fanlar rivojiga ulkan hissa qo‘shgan. Masalan, antik davrda topilgan Yer aylanasining o‘lchamini aniqlashtirish uchun ular meridian darajasining uzunligini o‘lchadilar. Haqiqiyga (111 km) yaqin bo‘lgan 1° yoy qiymati topildi, uni o‘lchashda Al-Xorazmiy ham qatnashgan.
"Al-Xorazmiyning turli ilmiy izlanishlari matematika, nazariy va amaliy astronomiya, geografiya va tarixga tegishli edi. Olim qalamiga mansub 20 dan ortiq asarlarning faqat 7 tasi bizgacha yetib kelgan", – deb yozgan "London Post".
