Lavrov: Rossiya Isroilning G‘azoga insonparvarlik yuklarini cheklash siyosatidan g‘azabda
Rossiya Isroilning G‘azo sektoriga insonparvarlik yordamini kiritishni cheklash siyosatiga keskin e’tiroz bildirdi. Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Indoneziyaning Kompas gazetasiga bergan intervyusida aytdi.
Lavrovning ta’kidlashicha, ikki yilga yaqin davom etayotgan urush natijasida o‘n minglab falastinliklar halok bo‘lgan, tinch aholi qurbonlari soni esa yuz mingdan oshgan.
"Ayniqsa, Isroilning Falastinga yordam kiritishni cheklash siyosati g‘azab va xavotir uyg‘otadi. Shu bilan birga, Iordan daryosining g‘arbiy sohilidan falastinliklarni 'tozalash' harakatlari ham jiddiy tashvish uyg‘otmoqda," — dedi u.
Rossiya TIV rahbariga ko‘ra, G‘azoning to‘liq vayron bo‘lishini oldini olish va tinch aholiga qarshi tajovuzni to‘xtatish zarur.
"Zudlik bilan umumbashariy otishmalarni to‘xtatish, garovga olinganlarni shartsiz ozod qilish va yordam yuklarini xavfsiz kiritish kerak," — deya qo‘shimcha qildi Lavrov.
Uning fikricha, fojiali voqealarning asosiy sababi — xalqaro hamjamiyatning mustaqil Falastin davlatini tuzish to‘g‘risidagi qarorlarni bajarmasligi.
Rossiya tashqi ishlar vaziri Nyu-Yorkda iyul oyida o‘tgan Yaqin Sharq bo‘yicha xalqaro konferensiyada Moskva faol ishtirok etganini eslatdi. Shuningdek, u BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi doirasida bu masala muhokamasi davom etishini ta’kidladi.
