Kutilmaganda Namangandagi mahallaga borgan prezident shahar hokimi va prokurorga tanbeh berdi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi davomida kutilmaganda Namangan shahridagi «Bunyodkor» mahallasiga bordi.
Bu yerdagi ahvol mahalla nomiga zidligi, ichimlik suvi yo‘qligi, ichki yo‘llar yomon, atrof obodonlashtirilmagani, mahalla idorasining o‘zi ham xarobligi, bino orqasida chiqindilar yotgani qayd etib o‘tilgan.
Davlat rahbari mahalla raisi va maslahatchisi bilan muloqotda bo‘ldi.
«Sizlar odamlarni uyushtirishingiz, boshqalarga o‘rnak bo‘lishingiz kerak. Shu mahallaning egasi-ku sizlar! Mo‘min-musulmon-ku sizlar! Daraxt eksa bo‘ladimi? Chiqindini tozalatib qo‘ysa bo‘ladimi? Devorni oqlasa bo‘ladimi? Shunga ko‘p narsa kerakmi? Biz mahallaga shuncha e’tibor qaratyapmiz, katta vakolatlar beryapmiz. Bu holatda qanday islohotchi bo‘lasizlar, odamlarni qanday ergashtirasizlar?», deya savollar qo‘ydi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident mahallaga tashrif chog‘ida yo‘llarning holati yomonligi, obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmagani uchun Namangan shahri hokimi Olimjon Isayevga, shahar prokuroriga va mahalla raisiga tanbeh berdi.
«Balandparvoz gaplar bilan hisobot berasizlar. Qanday vijdon bilan lavozimda o‘tiribsizlar?! Bu mahallada 12 ming odam yashaydi. Ahvolni qaranglar, bu sizning yuzingiz.
Qachon odamlarning dardi bilan yashaysizlar? Isayev, qancha vaqt bo‘ldi hokim bo‘lganingga? Hech bo‘lmasa devorlarni oqlatib, hovlilarni tozalatib qo‘ysang bo‘lardi-ku?
Men Farg‘onaga borganimda xulosa chiqarmadinglarmi?», degan prezident.
Shu yerga to‘plangan aholi bilan ham muloqot bo‘ldi. Nuroniylardan biri mahallada ichimlik suvi, tabiiy gaz, ishlab chiqarish korxonasi yo‘qligini, yo‘llar ta’mirga muhtojligini aytdi.
«Men shuning uchun kelganman», dedi prezident.
Mutasaddilarga zarur muhandislik tarmoqlarini tortib, mahalladagi sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
- Namangan shahridagi «Ifoda agro kimyo himoya» korxonasi direktori bo‘lgan, 2018 yildan «O‘zagrokimyohimoya» aksiyadorlik jamiyati boshqaruviga raislik qilgan Olimjon Isayev 2020 yil martida Namangan shahriga hokim etib tayinlangandi.