Korrupsiyani qabul qilish indeksida O‘zbekistonning o‘rni pasaydi
Transparency International tashkiloti tomonidan e’lon qilingan yangi reytingda O‘zbekiston 182 ta davlat ichida 124-o‘rinni egalladi. O‘zbekiston ushbu reytingda o‘tgan yili 121-o‘rinni egallagan edi. 100 ballik indeks bo‘yicha O‘zbekiston 31 ball (bir yil avval — 32 ball edi) to‘pladi (bu yerda 0 — korrupsiyaning o‘ta yuqori darajasi, 100 — o‘ta past darajasi).
Transparency International dunyoda korrupsiya darajasi, jumladan demokratik mamlakatlarda ham, oshishda davom etayotganini qayd etdi. 2025 yilgi Korrupsiyani qabul qilish indeksiga (KQI) ko‘ra, AQSH, Kanada, Yangi Zelandiya hamda qator Yevropa mamlakatlarida ko‘rsatkichlar yomonlashgani qayd etilgan.
2025 yilda korrupsiya bo‘yicha o‘rtacha jahon ko‘rsatkichi 42 ballni tashkil etdi, bu so‘nggi o‘n yildan ortiq davrdagi eng past natija. Dunyo mamlakatlarining uchdan ikki qismidan ko‘prog‘i 50 balldan kam natija ko‘rsatgan, 80 balldan yuqori ball olgan davlatlar soni esa o‘n yil ichida 12 tadan 5 tagacha kamaygan.
Reyting ketma-ket sakkizinchi yildan beri Daniya yetakchilik qilmoqda (89 ball), undan keyingi o‘rinlardan Finlyandiya (88) va Singapur (84) joy olgan.
182 ta davlat ichida eng oxirgi o‘rinlarni Janubiy Sudan (9 ball), Somali (9 ball) va Venesuela (10 ball) egalladi.
Rossiyaning Korrupsiyani qabul qilish ko‘rsatkichi 22 ballni tashkil etdi. Bu mamlakatni 182 davlat orasida 157-o‘ringa qo‘yadi. Rossiya reytingda Gonduras, Zimbabve va Chad bilan bir o‘rindan joy olgan.
Reytingda Ukraina 104-o‘rindan (36 ball), Qozog‘iston 96-o‘rindan (38 ball), Qirg‘iziston 142-o‘rindan (26 ball), Gruziya 56-o‘rindan (50 ball), Afg‘oniston 169-o‘rindan (16 ball), Tojikiston 166-o‘rindan (19 ball) va Turkmaniston 167-o‘rindan (17 ball) joy olgan.
