Koronavirus qurbonlari soni 2,3 ming kishidan oshdi
22 fevral holatiga ko‘ra, mamlakatda koronavirus qurbonlari soni 2345 kishini tashkil etdi. Bir sutka ichida 2393 kishi tuzaldi. Kasallanganlarning umumiy soni 75 891 kishiga yetdi
So‘nggi bir sutka ichida Xitoyda 109 kishi COVID-19 koronavirus infeksiyasi tufayli kelib chiqqan kasallik oqibatida vafot etdi. Bu haqda Milliy sog‘liqni saqlash komissiyasi xabar bermoqda. Mamlakatda vafot etganlarning umumiy soni 2345 kishini tashkil qildi.
Idora ma’lumotlariga ko‘ra, 397 ta yangi kasallanish holati aniqlandi, yana 2393 kishi kasalxonadan chiqarildi. Umuman olganda, mamlakatda kasallanish bo‘yicha 75 891 ta tasdiqlangan holat qayd etildi.
Dastlab virus tufayli pnevmoniya avj olgan Xubey provinsiyasida 366 ta yangi kasallanish qayd etilgan, ularning 314 tasi - Uxanda. Bir sutka ichida provinsiyada 106 kishi vafot etgan.
Honkong, Makao va Tayvanda jami 104 ta kasallanish holati aniqlandi.
SMPC ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab kasallanganlar soni 76 806 kishiga yetdi. Ulardan 727 tasi Yaponiyada, 208 ta - Janubiy Koreyada, 86 ta - Singapurda, 35 ta - Tailandda, 22 ta - Malayziyada aniqlangan.
Koronavirusning yangi turi birinchi marta Xitoyda 2019 yil dekabr oyida aniqlandi. XXR rasmiylari versiyasiga ko‘ra, virusning manbai Uxandagi bozor bo‘lib, u yerda dengiz mahsulotlari, parranda go‘shti, ilonlar va boshqa hayvonlar sotilgan. Keyinchalik olimlar ushbu virus odamdan odamga yuqishi mumkinligini aniqladi.
15 fevral kuni XXR Milliy sog‘liqni saqlash qo‘mitasi hayvonlarda koronavirusga qarshi vaksinalarni sinovdan o‘tkazish boshlagani haqida xabar berdi. Idora rahbarining o‘rinbosari Szen Isin so‘zlariga ko‘ra, odamlarda ushbu preparatni sinovdan o‘tkazish aprel oyidan keyin boshlanadi.