Kogon shahrining sobiq hokimi Hakim Hoshimov 58 yoshida vafot etdi

Kogon shahrining sobiq hokimi Hakim Hoshimov 58 yoshida vafot etdi

Buxoro viloyati Kogon shahrining sobiq hokimi Hakim Hoshimov 17 oktyabr kuni 58 yoshida og‘ir xastalikdan vafot etdi. Bu haqda «Daryo» muxbiri xabar berdi.

2018 yilning 7 fevralida Kogon shahri hokimi etib tayinlangan Hakim Hoshimov Prezident Shavkat Mirziyoyevning Buxoro viloyatiga tashrifi chog‘ida Kogon shahrining to‘rt sektor rahbarlari tanqid ostiga olingandan so‘ng, 2021 yilning 3 martida lavozimidan ozod etilgan edi.

U shu kuni sessiyadan so‘ng jurnalist va blogerlar bilan muloqotda keyingi ikki yilda hokimlik faoliyatini olib borishida sog‘lig‘i pand berayotganini bildirgan. U hayotlik davrining so‘nggi ikki yilida oshqozon o‘sma xastaligini hamda og‘ir operasiyani boshdan kechirgan.

Ma’lumot uchun, Hakim Hoshimov 1963 yil Buxoro viloyati Vobkent tumanida tug‘ilgan. 1985 yil Toshkent politexnika instituti tamomlagan.

2002—2004 yillarda Buxoro shahar Fayzulla Xo‘jayev tumani hokimining birinchi o‘rinbosari, 2004—2010 yillarda Buxoro shahar hokimining kapital qurilish, kommunikasiyalar, kommunal xo‘jalik va obodonlashtirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, 2010—2014 yillarda Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida Buxoro viloyati tumanlarini toza ichimlik suvi bilan ta’minlashni yaxshilash bo‘yicha loyihani amalga oshirish guruhi rahbari bo‘lgan.

2014—2017 yillarda Buxoro viloyati «Suvoqova» DUK bo‘lim boshlig‘i, korxona boshlig‘i o‘rinbosari, korxona boshlig‘i, 2017—2018 yillarda Buxoro viloyati uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida faoliyat yuritgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!