«Kirgiziya emas, balki Qirg‘iz Respublikasi»

Qirg‘iziston parlamenti Rossiya hukumat rahbari Mixail Mishustinning rossiyalik tadbirkorlarga «bosim» o‘tkazilayotgani haqidagi bayonotiga hukumatning sust munosabatini tanqid qildi va qat’iy javob berishni talab qildi.
5 fevral kuni parlament majlisida deputat Kamila Taliyeva Qirg‘iziston bosh vaziri Akilbek Qasimaliyev Mishustin ayblovlariga darhol javob qaytarishi kerak edi, deb ta’kidladi.
💬 «Biz huquqiy davlatda yashaymiz. Agar sizning 50 million dollarlik qarzingiz bo‘lsa, uni to‘lashingiz shart. Bizni hech qanday asosga ega bo‘lmagan holda noqonuniy harakatlar, bosim va talon-torojda ayblashmoqda. Mishustin har doim ’Kirgiziya, Kirgiziyaʼ deb gapiradi. Bizning mamlakatimizning rasmiy nomi – Qirg‘iz Respublikasi. Nega u bunday ataydi? Xalqimizda ’temirni qizig‘ida urʼ degan naql bor. Javobni o‘z vaqtida berish kerak edi», — dedi deputat.
Ushbu majlisda boshqa bir deputat Janar Aqayev ham Mishustinning ayblovlarini asossiz deb atadi.
31 yanvar kuni Rossiya bosh vaziri Qasimaliyev bilan uchrashuvda Qirg‘iziston davlat idoralarining rossiyalik kompaniyalarga nisbatan «asossiz da’volari» borligidan tashvish bildirgan edi. Mishustinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi jo‘natgan diplomatik notada «qonunga zid va ayrim holatlarda tovlamachilik» sifatida baholangan aniq faktlar qayd etilgan.
3 fevral kuni Qirg‘iziston soliq xizmati rahbari Almambet Shikmamatov ushbu ayblovlarni rad etib, Mishustin iqtisodiy masalaga siyosiy tus berganini ta’kidladi.
Bishkek rossiyalik biznes vakillariga nisbatan qo‘yilayotgan talablar qonuniy ekanini va bu hech qanday bosim emasligini aytib, o‘z pozisiyasida qat’iy turibdi.