Kim sukut saqlasa, najot topadi
Alloh taolo insonga ko‘pdan ko‘p ne’matlarini ato etgan. Ulug‘ ne’matlardan biri til insonga Allohni zikr etish, Qur’on tilovat qilish, insonlarni to‘g‘ri yo‘liga chaqirish va Alloh rozi bo‘ladigan o‘rinda ishlatish uchun berilgan.
Til – insonning jismonan kichik ammo mas’uliyat va vazifa jihatidan e’tiborga molik a’zosidir. Shuning uchun ham Qur’oni karimda Alloh taolo uni minnat qilib:
.أَلَمْ نَجْعَلْ لَهُ عَيْنَيْنِ وَلِسَانًا وَشَفَتَيْنِ
ya’ni: “Axir, Biz unga ikki ko‘z, til va ikki lab paydo qilmadikmi?!” deydi. (Balad, 8-9 oyatlar).
Shunday ekan, tilning foydasi bilan birga xatari ham juda katta ekanini unutmaslik lozim bo‘ladi.
Shuning uchun shariatimiz sukut saqlagan kishini ko‘plab joylarda madh qilgan va sukut saqlashga targ‘ib ham qilgan.
Hadisi sharifda shunday deyilgan:
عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْروٍ قَالَ: قَالَ رَسُولُ الله صلى الله عليه وسلم: «مَنْ صَمَتَ نَجَا».
(رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ)
ya’ni, Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim sukut saqlasa, najot topadi”, dedilar”. Termiziy rivoyat qilgan.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bandaning qalbi to‘g‘ri bo‘lmaguncha, uning imoni to‘g‘ri bo‘lmaydi. Uni tili to‘g‘ri bo‘lmaguncha, qalbi ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Uning yomonliklaridan qo‘shnisi omonda bo‘lmagan kishi jannatga kirmaydi”, dedilar”. Imom Ahmad rivoyat qilgan.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Me’rojga chiqqanimda, misdan bo‘lgan tirnoqlar bilan yuzlari va ko‘ksilarini tirnayotgan bir qavmning oldidan o‘tdim. Shunda men: “Ey Jabroil, bular kimlar?”, dedim. U: “Bular (dunyoda) odamlarning go‘shtlarini yeb, ularning obro‘larini to‘kadiganlar”, dedi” dedilar.
Imom Qurtubiy rahmatullohi alayh: “G‘iybatning gunohi kabira ekanida ixtilof yo‘qdir, shuning uchun g‘iybat qilgan kishi Alloh azza va jallaga tavba qilishi lozim”, degan.
Shuningdek, ba’zi insonlarni g‘iybat qilish boshqa insonlarni g‘iybat qilishdan ko‘ra gunohi yanada og‘irroq bo‘ladi. Ya’ni, Alloh taoloning do‘stlari bo‘lgan ulamolarni g‘iybat qilishning gunohi juda ham og‘ir bo‘lgani uchun Ibn Asokir rahimahullohning:
لحوم العلماء مسمومة
“Ulamolarning go‘shti zaharlidir! - deganlar. Ya’ni, oddiy odamlarni g‘iybat qilgan inson gunohi kabira orttiradi, bu gunohining jazosini oxiratda albatta totadi. Ha, inson zaharlangan go‘shtni yeb o‘lgani kabi, ulamolarni g‘iybat qilgan kishi ham dunyo va oxiratini barbod qiladi.
G‘iybatning kafforati ikki qismdir. Afsus-nadomat va tavba qilsa, Allohning haqqini ado qilgan bo‘ladi. Keyin esa g‘iybat qilingan odamni ko‘rganda undan kechirim so‘rashi shart. Zero, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bizlarni mana shu narsadan ogohlantirib shunday deganlar: “Kimning zimmasida bir birodarining obro‘si yoki moliga tegishli biror haqqi bo‘lsa, dinor va dirhamlar o‘tmaydigan (qiyomat) kuni kelishidan oldin haqqini ado qilsin. Chunki u kunda buning hasanoti haqdorga olib beriladi. Agar hasanotlari bo‘lmasa, birodarining gunohlari uning gunohlariga qo‘shib qo‘yiladi” (Muttafaqun alayh).
Ashraf Ali Tahonaviy rahimahulloh g‘iybat haqida: “Aniq gap shuki, g‘iybat gunohi kabira. Agar bir g‘iybatchidan aziyatlanish nihoyat darajada kam bo‘lsa, u gunohi sag‘ira bo‘ladi”, deganlar. Ya’ni, g‘iybat qilingan kishi o‘zi borasida qilingan g‘iybatni eshitgan chog‘da xafa bo‘lmay, beparvo qarasa, mazkur g‘iybat gunohi sag‘ira bo‘ladi.
Abdulloh ibn Muborak Sufyoni Savriyga aytibdilar: “Abu Hanifa bunchalar g‘iybatdan uzoq, hattoki dushmanini ham g‘iybat qilmaydiya, chunki u kishi aqlli, o‘zidan hasanotni ketkazishni xohlamaydilarda» dedilar.
Chunki inson gapirdimi xato qilish ehtimoli ko‘payadi, keraksiz gap gunoh bo‘lishi tayin, demak u ilojini boricha jim tursa , faqat o‘ziga kerakli gapni gapirsa, savobli gaplarni gapirsa, ana o‘sha odam najot topadi.
G‘iybat qiluvchi kishi zolim, g‘iybat qilingan esa mazlum bo‘ladi. Alloh taolo qiyomat kuni banda bilan bandaning o‘rtasidagi tushmaydi va o‘z holida qoldiradi. Ya’ni, zolimning savobidan mazlumga olib beriladi yoki mazlumning gunohlaridan zolimga yuklatiladi. Banda qiyomat kuni o‘zining dunyoda qilgan yaxshi amallarini o‘zga kishining nomai a’molida, ayniqsa, dunyoda o‘zi yoqtirmay, o‘zi g‘iybat qilgan kishining nomai a’molida ko‘rishi qanchalar ayanchlidir.
Piskent tumani bosh imom-xatibi Zaynilobiddinxon Qudratov.
Manba: Masjid.uz
